10:35 12 yoshli Nodirbek Abdusattorov Abu-Dabida grossmeysterlik talabining ikkinchisini bajardi | |
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov grossmeysterlik uchun ikkinchi qadamni tashladi. Bu haqda “Olamsport” nashri Uzbekistan 24 ga asoslanib xabar berdi. Grossmeyster maqomiga erishishning 3 ta sharti bor. Abdusattorov uning birinchisini Sankt-Peterburgdagi musobaqada bajarishga erishgan bo‘lsa, ikkinchi qadamni Abu-Dabida tashladi. Dunyoning 33 mamlakatidan tashrif buyurgan 124 shaxmatchi ishtirok etgan musobaqada Nodirdek birorta ham partiyani mag‘lubiyat bilan yakunlamadi. U dona surgan 9 uchrashuvning 5 tasida g‘olibni aniqlab bo‘lmadi. Yana 4 tasida o‘zbekistonlik shaxmatchining qo‘li baland keldi. Yakunda 6,5 ochko to‘plagan Nodirbek Abdusattorov musobaqani 8-o‘rinda tugatishga muvaffaq bo‘ldi. U jamg‘argan 2608 ball bu borada grossmeysterlikning 2-talabi uchun yetarli bo‘ldi. Abu-Dabidagi turnirda bir qator grossmeysterlar ishtirok etgandi. Shulardan 5 nafari turnirning eng yosh ishtirokchisi bo‘lgan Nodirbekka qarshi dona surdi va birortasi ham zafar qucha olmadi. Grossmeysterlarning 2 nafarini taslim qilgan sportchi, yana 3 nafari bilan durang qayd etdi. Uzbekistan 24 kanalining ma’lumot berishicha, 12 yoshida grosseymeysterlik talabini bajarish faqatgina rossiyalik Sergey Karyakinga nasib qilgan. Nodirbek Abdusattorov Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi musobaqada 3-talabni bajarib, grossmeysterga aylanishi kutilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|