15:10 14 sentyabrdan onlayn darslarga start beriladi – XTV | |
Joriy yilning 14 sentyabridan boshlab O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida 2020/2021 o‘quv yili boshlanadi. Bunda onlayn maktab orqali barcha sinflarning darslari berib borilishi yo‘lga qo‘yilsa, an’anaviy shakldagi maktablar bosqichma-bosqich vaziyatga qarab faoliyatini tiklaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda. Maktablarning an’anaviy shaklda ochilishi to‘g‘risidagi qarorlar har bir maktab bo‘yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.
Qayd etilishicha, an’anaviy shaklda faoliyatini tiklagan maktablarning o‘quvchilari maktabga borishi yoki uyda qolib ta’lim olishi faqatgina ota-onalar tomonidan belgilanishi zarur. Maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchilarni an’anaviy shaklga jalb qilish va ota-onaga bosim o‘tkazish taqiqlangan. Xalq ta’limi vazirligi farzandini maktabga yubormagan ota-onalardan bolalarning masofaviy ta’lim olishini nazorat qilishlarini so‘ramoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|