Главная » 2021 » Октябрь » 31 » 19 yoshli yigit homilador xotini va qaynotasini chopib tashladi
19:22

19 yoshli yigit homilador xotini va qaynotasini chopib tashladi


Komiljon aka hamda Dilbarxon opa qizi Odinani yaxshi joyga uzatib, baxtli hayot kechirishini xohlardi. Afsuski, qiziga sovchi qo‘ygan, unashtirib qo‘ygan yigit Asror bundaylar toifasidan chiqmadi. Bo‘lajak kuyov haqida turli gaplarni eshitganidan so‘ng, fotihani bekor qilishdi. Boshqasiga turmushga uzatmoqchi bo‘lganida esa Asror qizga tazyiq o‘tkazishni boshladi. Uyiga bostirib kelib, pichoq tirab «agar menga tegmasang, ota-onangni o‘ldiraman» deya tahdid qildi. Yaqin insonlarining hayotini afzal bilgan Odina ota-onasiga Asrorga turmushga chiqishini aytadi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ular to‘ysiz, shar’iy nigoh bilan oila qurishadi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Kuyov arzimas bahonalar bilan Odinani urar, yosh kelinchakning ko‘z ochib ko‘rgani dahmaza bo‘ldi xolos. Oylab ota-onasinikiga jo‘natmas, har kungi janjallar, kelishmovchiliklar uni kemirib borardi. Ota-onasiga aytay desa, turmush o‘rtog‘i ularni o‘ldirishi bilan qo‘rqitardi. Kelinchak o‘z dardini ichiga yutgancha, hayot shu ekanda deya yashay boshladi. Tazyiqlardan charchagan Odina hammasiga nuqta qo‘yishni o‘ylab qolar, ota-onasining halovati va ko‘cha kuydagi gap-so‘zlarni o‘ylab yana shashtidan qaytardi.

Ota-ona diydorini ko‘rmaganiga ikki oydan oshdi. Turmush o‘rtog‘idan uyiga borishiga ruxsat so‘raganida, undan yana har doimgidek yo‘q javobini eshitdi. Kelinchak bu bilan qutulmadi, Asror uni beayov kaltakladi. Janjallardan zerikkan Odina shundan so‘ng uyiga ketib qoladi. Afsuski, uning salomatligi yomonlashib, Buvayda tuman shifoxonasiga yotqizildi. Shifokorlarning aytishicha, 14 kunlik homila qorin qismiga berilgan zarb tufayli nobud bo‘lgan. Buni eshitgan Odina endi u inson bilan yashamaslikka qaror qilgandi. Bu qarorini yaqinlari ham qo‘llab-quvvatladi. Bu ishlardan so‘ng, tuman IIB holat bo‘yicha tergov tekshiruvni boshladi. Ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha Asrorga sud tomonidan jazo tayinlandi. U bundan g‘azablanib, yo‘liga to‘g‘onoq bo‘layotgan qaynota va qaynotasini o‘ldirishni maqsad qiladi.

Bahorning ilk kunlari. Odina endi mahzun va qora kunlarni unutgandek edi.U yolg‘iz uxlashdan qo‘rqadi. Aksiga olib, bugun amakisining hovlisida sumalak. Onasi va singlisi o‘sha yerga ketishgan.

– O‘zing uxlagani qo‘rqsang, bizni xonaga joy sola qol qizim. Lekin cho‘chima endi hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi otasi.

Asror bu paytda mudhish rejasini amalga oshirish payida edi. Qaynotasining uyini darvozasi yo‘qligi sababli ichkariga kirib chap tomondagi bitmagan xonada qulay fursatni poylay boshlaydi. Vaqt bo‘lgach, qaynona-qaynotasi yashaydigan xonaga qaraganida xona chirog‘i yoniq bo‘lib, uy ichida qaynotasi va bir ayol ko‘rpaga o‘ranib yotganini ko‘radi. Ularni aynan o‘ljasi ekaniga ishonch hosil qilib, qaynotasini chopqida chopa boshlaydi.

Xona burchagida uxlayotgan Odina otasining dodlagan ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Boshini ko‘targanida kuchli zarb urildi. Hech narsa anglay olmasdi. Faqat ko‘z o‘ngida otasini kimdir tinimsiz chopqilardi. Urayotgan odamga e’tibor bilan qaradi, yuzida niqob bo‘lishiga qaramay bo‘y basti va kiyimidan turmush o‘rtog‘i ekanligini bildi. Yordam so‘ramoqchi bo‘lib, baqirgan zahoti uni ham chopqilay ketdi...

Qaynota og‘ir tan jarohati olib, ko‘rsatilgan birinchi tez tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan. Odina esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan uning hayoti saqlab qolingan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning 2021-yil 26-martdagi xulosasida marhum K.I.ning bosh miya ochiq shikasti, kalla suyaklarining sinishi, miya yumshoq pardalari ostiga va miya moddasiga qon quyilishi, bosh miya lat yeyishidan kelib chiqqani, ushbu jarohatlar uning o‘limiga olib kelgan og‘ir tan jarohat hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi raisi Rahmatjon Arapovning ma’lum qilishicha, sudning 2021-yil 17-avgustdagi hukmi bilan Asror Ibrohimov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «j» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) 25, 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Asrorga oldin ham jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudining 2020-yil 25-may kunidagi hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 1-qismi bilan 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi. U bundan xulosa chiqarmadi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: chopib, Homilador, qaynotasini, xotini | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz