11:37 1 martda dunyoning qaysi davlatlarida koronavirus ilk bor qayd etildi? | |
Armaniston. Ushbu davlatda ilk bor koronavirus qayd etilgani haqida Respublika Bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook’dagi o‘z sahifasida yozib qoldirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallangan shaxs Armanistonning 29 yoshli fuqarosi. U o‘z rafiqasi bilan 28 fevral kuni Erondan kelgan. Erkakning o‘zi shifokorlarga murojaat qilgan. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda bemor o‘zini yaxshi his etmoqda, uning harorati yo‘q. Rafiqasida o‘tkazilgan testda uning virusga chalinmagani qayd etildi. “Armaniston hukumati zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bemor bilan aloqada bo‘lgan shaxslar izolatsiya qilinadi”, deb qo‘shimcha qilgan Pashinyan. Irlandiya. Mamlakatda koronavirusga chalinish holati kuzatilgani haqida Irlandiya sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bergan. “COVID-19 bilan kasallanish holati Irlandiya Respublikasida qayd etildi”, deyiladi vazirlik rasmiy saytida. Bemor shifoxonaga joylashtirilgan. Hukumat u aloqada bo‘lgan barcha shaxslarni tekshiruvdan o‘tkazmoqda, deb aniqlik kiritmoqda vazirlik. “Independent” portalining ma’lum qilishicha, bemor erkak shimoliy Italiyadan kelgan. Lyuksemburg. Hukumat Italiyadan kelgan bemor erkak ustidan o‘tkazilgan takroriy tekshiruv xulosasini kutmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 40 yashar bemor Sharlerua xalqaro aeroporti orqali Italiyadan kelgan. Birinchi tekshiruv xulosasiga ko‘ra, unda koronavirus aniqlangan. Uning o‘zi shifoxonaga borgan va alomatlar haqida xabar bergan. Ayni damda u shifoxonada qolmoqda. Koronavirus raqamlarda Ayni damda jahonda ushbu virus bilan kasallanganlar soni 86 982 nafarga yetdi. 2 979 kishi undan vafot etdi. 42 130 kishi shifo topdi. Eng ko‘p holatlar Xitoyda (79824 – 2870 kishi vafot etgan), Janubiy Koreyada (3526 – 17 kishi vafot etgan), Italiyada (1128 – 29), Diamond Princess laynerida (705 – 6), Eronda (593 – 43) va Yaponiyada (241 – 6) qayd etilgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|