Главная » 2021 » Сентябрь » 17 » 28 yoshli ayol turmush o‘rtog‘iga jigarini berdi
18:15

28 yoshli ayol turmush o‘rtog‘iga jigarini berdi


Kuni kecha akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan yana bir ortotopik jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu yilning avgust oyida o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng markaz mutaxassislari tomonidan jigarida patologik o‘zgarishlari bo‘lgan ko‘p sonli bemorlarga turli maslahatlar berilgan. Tirik donordan jigarning bir qismini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti uchun ana shu bemorlar ichidan eng og‘ir ahvoldagisi tanlab olingan.

Uchtepa tumanida yashovchi 32 yoshli O‘ktam Ahmedovga ayoli, 28 yoshli Farangiz Ahmedovaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi.

Operatsiyaga boshchilik qilgan xirurg, professor Mirshavkat Akbarovning ta’kidlashicha, dastlabki tekshiruvlarda bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo‘lgan. Lekin tekshiruvlar anatomik xususiyatlari tufayli uning jigaridan o‘ng bo‘lagini olish mumkin emasligini ko‘rsatgan. Keyin esa bemorning turmush o‘rtog‘i tekshirilib, jigarning o‘ng bo‘lagini olish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan.

Operatsiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan bo‘lishiga qaramasdan, barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan. Hozirgi paytda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, donor esa palataga o‘tkazilgan.

— Ko‘z oldingda turmush o‘rtog‘ingning kasallikdan so‘lib borayotganini, bundan farzandlaring ham ezilayotganini ko‘rish ayol kishi uchun juda og‘ir. Besh yildirki, turmush o‘rtog‘im jigar xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqtgacha juda ko‘plab shifoxonalarda davolanib, turli muolajalar oldi, lekin foydasi bo‘lmadi.

So‘ng shifokorlar turmush o‘rtog‘imning kasallikdan to‘liq sog‘ayib ketishi uchun jigar ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligini aytishdi. Atrofdagi ko‘pchilik buning uchun Hindistonga borish kerakligini va amaliyot ancha qimmat ekanini aytdi. Bundan tushkunlikka tushgandik. Keyin esa mana shu shifoxonada bunday amaliyot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganidan, dastlab bunday operatsiyani boshdan o‘tkazgan bemorlarning ahvoli juda yaxshi ekanidan xabar topdik.

Shifoxonaga order orqali kelganimiz uchun mablag‘ masalasida ham hech qanday muammo bo‘lmadi. Ushbu muassasada turmush o‘rtog‘imga jigarimning bir bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazishdi. Operatsiyadan yaxshi chiqdik. Hozirda turmush o‘rtog‘imning ham, mening ham ahvolimiz yaxshi. O‘zim yuryapman, ovqatlanyapman.

Nasib bo‘lsa, yaqinda turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda oilamizga, 3 nafar qizlarimizning oldiga qaytamiz, — deydi donor Farangiz Ahmedova.

Qayd etilishicha, bu — yurtimizda amalga oshirilgan o‘ninchi, o‘zbek shifokorlari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkazilgan ikkinchi ortotopik jigar transplantatsiyasi amaliyotidir.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: turmush o‘rtog‘iga, jigarini | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz