Главная » 2020 » Февраль » 25 » Afg‘onistonda koronavirus. O‘zbekiston chegarada qanday choralar ko‘rmoqda?
21:31

Afg‘onistonda koronavirus. O‘zbekiston chegarada qanday choralar ko‘rmoqda?


Avvalroq, Afg‘onistonning Hirot shahrida koronavirus bilan bog‘liq holat uchragani haqida xabar berilgan edi.

Sir emas, bu xabar ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi. Barchada birdek savol paydo bo‘lgani shubhasiz: koronavirus O‘zbekistonga kirib keladimi? Xo‘sh, qo‘shni Afg‘oniston bilan chegarada mamlakatga virus kirib kelishining oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Afg‘oniston Islom Respublikasidan O‘zbekistonga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga kirishda shaxslar, yo‘lovchilar va ularning qo‘l yuklari hamda bagaji nazorat tartib-taomillaridan quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

1) chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan Davlat chegarasini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlar mavjudligi tekshiriladi;

2) sanitariya-karantin bo‘linmasi tomonidan nazoratdan o‘tkaziladi;

3) Davlat chegarasi orqali piyoda o‘tadigan shaxslar qo‘l yuki bilan birga nazorat tartib-taomillaridan o‘tish uchun zalga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida bojxona organlari fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining quyidagi vazifalarini ham amalga oshiradi:

- fitosanitariya va veterinariya nazorati predmetlari mavjudligi to‘g‘risida so‘rash;

- fitosanitariya va veterinariya nazorati talab qilinadigan tovarlarni olib kirish uchun ruxsat etuvchi hujjatlar mavjudligini so‘rash;

- qo‘l yuki va bagajni nazorat qilish jarayonida fitosanitariya va veterinariya nazorati ob’ektlari mavjudligini nazorat texnik vositalari yordamida ko‘zdan kechirish.

Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusning kirib kelishini oldini olish maqsadida, Afg‘onistondan kelayotgan har bir fuqaro maxsus dezinfeksiyalangan gilamlar orqali kiritilib, sanitariya-epidimologiya osoyishtalik markazi xodimlarining nazoratidan o‘tkazilmoqda. Avtotransport vositalari esa maxsus dezinfeksiyalangan suvlarga tushirilib, O‘zbekistonga kiritilmoqda. Bundan tashqari, Afg‘onistondan kelayotgan barcha fuqarodan tibbiyot niqoblarida bo‘lishlari talab qilinmoqda.

“Ushbu bojxona postida xizmat olib borayotgan barcha xizmatlar xodimlari tibbiyot niqoblari va tibbiy qo‘lqoplar bilan faoliyat ko‘rsatmoqda”, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati bergan ma’lumotda.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz