Bu usullar samaradorlikni kuchaytiradi va shaxsiy kasbiy mahoratingizni oshirishga ko‘maklashadi.
Yangi ish dastlab zavqlanish paydo qilgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan uning o‘rnini turg‘unlik egallay boshlaydi. Deyarli hamma bunday holatni boshidan o‘tkazadi. Bu gohida ko‘nikmalaringizdan to‘la foydalana olmayotganingizdan ham yuzaga chiqadi. Gohida esa siz boshqarayotgan jamoa yoki ijodiy salohiyatning ochilishiga imkon bermaydigan muntazam ishlarning ko‘pligi sabab bo‘ladi. Har nima bo‘lganda ham, bunday vaziyatdan samaradorlik zarar ko‘radi va hayot quvonchlari pasayadi. Agar shunga o‘xshash holat sizda ham sezilgan bo‘lsa, unda quyidagi usullarga e’tibor bering
1. Hamkasblaringiz bilan ko‘proq hamkorlik qiling
Ishxonada har kun bir xil vaziyatda o‘tirib, o‘zingiz mas’ul bo‘lgan bir xil vazifani bajarish, aniqki, odamni zeriktirib yuboradi. To‘g‘ri, bir paytlar siz uchun bu vazifa anchayin qiziqarli bo‘lgan, azbaroyi qiziqqaningizdan ishga shoshilib, “uchib-qo‘nib” kelgansiz. Endi esa... Bu holatda biror narsa qilib bo‘lmaydigandek tuyuladi. Natijada o‘zingizni yolg‘iz, imkoniyatlari cheklangandek his qila boshlaysiz. Bunday holat yuz bermasligi uchun hamkasblar bilan hamkorlik qilish juda ham muhim. Agar hamkorlik muhiti paydo bo‘lsa, har kim nimadir yangilik kiritgisi, uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shgisi keladi.
Agar siz jamoani boshqarsangiz, ana shunday ijodiy muhit paydo qilishga intiling. Xodimlarning o‘zaro muloqot usulini o‘zgartiring, idora madaniyatidagi yangi elementlar kiriting-ki, bu xodimlarni beixtiyor birlashtirsin va ular hamkorlikdan zavq olishsin. Bu hamkorlik o‘z navbatida korporativ madaniyatingiz poydevoriga aylansin.
2. Sohangizdagi boshqa odamlar tajribasidan ilhomlaning
Ehtimol, aniq bir maqsadga erishish uchun sizga motivatsiya va bilim yetishmayotgandir? Sohangizda mehnat qilayotgan va obro‘-e’tiborli shunday odamga murojaat qilingki, u o‘zining tajriba va ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashsin, sizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsin. Buni bizda ustoz, deyishadi. Bundan tashqari, kasbingiz bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashing, ma’ruzalar tinglang. Bu quvvat beradi, motivatsiyalaydi va yangi g‘oyalar paydo qiladi.
Tadbirlarga, ma’ruzalarga hamkasblar bilan qatnashsangiz, yanada yaxshi. Kim biladi, ehtimol, birgalikdagi yangi fikrlar asosida ishga o‘zgacha munosabat paydo bo‘lar va o‘zingizda nimanidir o‘zgartirishga kuch topa olarsiz. Har qanaqa holatda ham dunyoqarashning kengayishi amaldagi holatga boshqacha nuqtai-nazar bilan qarashga undaydi.
3. Maslahat va motivatsiyani kitoblardan izlang
Xayolimizga keladigan g‘oyalar biz qabul qilgan axborotlar natijasida hosil bo‘ladi. Miyamga hech qanaqa g‘oya kelmayapti, deb hisoblasangiz, qo‘lingizga kitob oling. Kitob – bebaho fikrlar manbai. Kitobdan siz favqulodda yangi g‘oyalar, yechim va fikrlarga ega bo‘lasizki, hatto “Nega shu paytgacha bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman?” yoki “O‘x-xo‘, buni men ham eplayman”, deb yuborishingiz aniq.
Sohangizga oid kitoblarni izlang. Uning mualliflari sizni qiynayotgan masalalar borasida ming bor o‘ylab, tajribadan o‘tkazishgan va ma’lum xulosalarga kelishgan. Kitobdan aniq maslahat va motivatsiya olishingiz tayin.
4. Fikr bildirishga ruxsat so‘rang
Siz o‘z ishingizga boshqa nuqtai-nazardan ham qarab ko‘ring. Rahbardan yoki guruhingiz a’zolaridan qaysi masalalarga e’tibor qaratish va qanday yangi maqsadlar qo‘yish mumkinligi haqida fikr so‘rang. Kasbiy mahoratni oshirish va amaldagi ishdan qoniqish hosil qilish uchun maqsad bo‘lishi juda muhim. U ma’lum vaqtlarda paydo bo‘ladigan zerikishni bartaraf etadi va yangi g‘oyalarga ruhlantiradi.
Eslab qoling: Maqsadga erishish va hech kimni xafa qilmaslik uchun qanday javob berish kerak?
5. O‘zingizga xobbi – sevimli mashg‘ulot toping
Agar bor kuchingizni faqat ishga bersangiz (u ijodiymi, farqi yo‘q) vaqti kelib zerikib, kuyina boshlaysiz. Shuning uchun qiziqishlaringizdan kelib chiqqan holda biror mashg‘ulot bilan shug‘ullaning. Masalan, yangi xobbi.
Agar inson borlig‘i bilan o‘zi yoqtirgan mashg‘ulotga sho‘ng‘ib ketsa, hayoti go‘yo yorqinlashgandek o‘zini baxtli sezadi. Natijada shunday quvvat oladiki, ishga ko‘tarinki kayfiyatda kelib, rohatlanib ishlaydi.