So‘nggi bir yil ichida Toshkent shahri oilaviy ajrimlar bo‘yicha respublikada rekord o‘rnatgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi Elmira Bositxonova bergan ma’lumotlarga qaraganda, Toshkent shahrida ajrim yiliga 32 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich viloyatlarda nisbatan kamroq, xususan, Qoraqalpog‘istonda 8, Xorazmda 6, Surxondaryoda 9, Qashqadaryoda 10, Buxoroda 12, Jizzaxda esa 14.
Bugun, 20 dekabr kuni Toshkent shahrida oila munosabatlari muammolarini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oila munosabatlarini mustahkamlash, erta nikoh va oilaviy ajralishlarning oldini olish masalalari tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahar prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari vakillari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar va tumanlararo sudlari raislari, tuman hokimliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda oilaviy ajrimlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llari tahlil etildi.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari M.Obidov, shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova, Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari R.Rahmonov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi A.G‘ulomov va boshqalar yosh oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilaning ijtimoiy negizini mustahkamlash, uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugungi kunga kelib poytaxt Toshkentda 700 mingdan ziyod oila mavjud. So‘nggi davrda amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, 2016 yilning 11 oyida 1 ming 12 oila ajrimdan saqlab qolingan.
Yig‘ilishda oilaviy ajralishlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, oilaviy nizolarni bartaraf etish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza etish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, oila mustahkamligini ta’minlash lozimligi qayd etildi.
Avvalgi yig‘ilishlarda Toshkent shahar hokimi so‘zga chiqib, endi ashrashayotgan oila vakillarining ism shariflari gazetada e’lon qilinishi, suratlari televizorda ko‘rsatilishi, yangi turmush qurgan kelinlarni 1 oy muddatda kuyovning uyiga “prospika”ga olinishi, restoranlarda FHDYodan o‘tmagan yoshlarning to‘yi o‘tkazilmasligiga jiddiy e’tibor qaratilishini gapirgan edi. Biroq bularning hech biri hozircha amaliyotga tadbirq etilmadi.