Bugun, 23 yanvar tunda aktrisa Halima Ibragimovaga hujum qilindi. Bu haqda aktrisa o‘zining Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali xabar berdi.
“Xayrli kech. Bugun, taxminan soat 00:03 atrofida noxush voqea sodir bo‘ldi. Mening xonadonimda, shaxsiy mashinamga kimdir zarar yetkazdi. Taxminimcha bu ishni ikki kishi amalga oshirgan. Ular ko‘chamga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushib qolishgan. Bu ishni kim qilganini taxmin qilayapman. Agar shu ko‘ngilsiz voqea haqida xabardor bo‘lganlar bo‘lsa, Direct’ga yozishingizni so‘rardim. Ma’lumot uchun pul mukofoti, suyunchi bor”, deb yozadi aktrisa.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisaning uyiga bir necha noma’lum shaxslar kelib, uning xonadoni va mashinasiga qarata tosh otishgan. Natijada Halima Ibragimovaga tegishli avtomobilning o‘ng tomondagi oynalari sinib, chil-chil bo‘lgan.
Hujum vaqtida Halima Ibragimova uyda bo‘lganmi yoki yo‘q, bunisi bizga noma’lum. Eng muhimi, uning o‘zi salomat.
Aktrisa ushbu xabarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgach, muxlislarining aksariyati bu ishni uni tanigan insonlargina amalga oshirishi mumkinligini, vaziyatga e’tiborsiz bo‘lmasdan, huquq-tartibot organlariga murojaat qilishni maslahat berishgan.