20:44 AQSH elchixonasi koronavirus sabab viza berishni to‘xtatib qo‘ydi | |
Bugun, 10 fevraldan boshlab AQSH koronavirus tufayli Xitoyda viza berishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda AQSHning Pekindagi elchixonasi rasmiy saytida xabar qilindi. Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyat va ishchi kuchining kamligi sabab diplomatik idoralar viza xizmatlariga doir so‘rovlarga javob bera olmasligi mumkin. Shu bilan birga diplomatlar “favqulodda vaziyat” yuzaga kelgan taqdirda yordam berishga tayyorliklarini birdirishgan. Avvalroq, Amerika hukumati o‘zining fuqarolari va Xitoyga 2 fevraldan boshlab so‘nggi 14 kun ichida tashrif buyurgan xorijliklar uchun cheklovlar joriy etgan edi. Yangi koronavirus Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi. Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi. Virusdan halok bo‘lganlar soni 910 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 40 554 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|