10:28 AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt o‘zbek oshini qayerda yegan? | |
Ikkinchi Jahon urushida AQShni boshqargan prezident Franklin Ruzvelt va Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi mashhur bosh vaziri Uinston Cherchill birga oshxo‘rlik qilganini bilasizmi? Bu qayerda yuz bergan bo‘lishi mumkin? Albatta, Stalin huzurida. Maykl Dobbsning "1945 yilning olti oyi" deb nomlangan kitobi Ikkinchi Jahon urishidan keyingi dunyo taqdirini hal qilgan Yalta konferensiyasi va Sovuq urush davrining qanday boshlangani haqida hikoya qiladi. 1945 yil 4—11 fevral kunlari Rossiyaning Yalta shahrida urush g‘oliblari — Sovet Ittifoqi, AQSh va Britaniya rahbarlari yig‘ilib, urushdan keyingi Yevropaning taqdirini hal qilishgan. Aniqrog‘i, hududlarni o‘zaro bo‘lib olishgan. Shu konferensiyada o‘zbek oshi ham tortiq qilingan ekan. Ruzvelt va Cherchill turgan xonalarga esa Buxoro gilamlari to‘shalgan. Kitobda ushbu konferensiya va uning atrofida yuz bergan voqealar mayda detallarigacha yoritilgan. Xuddi shaxsan konferensiyada, o‘sha davr rahbarlarining o‘zaro suhbatlarida qatnashgandek bo‘lasiz. O‘qishni tavsiya qilamiz. Ruzvelt shu konferensiyadan ikki oy o‘tib olamdan o‘tgan. Yaltada sog‘ligi yomonligi uchun nogironlar aravachasida yurgan. Oq uyda rassom rasmiy portretini chizayotganda hushidan ketib, o‘sha kuni joni uzilgan. Ruzvelt to‘rt muddat prezidentlik qilgan. U AQSh tarixida ikki martadan ortiq muddat prezidentlik qilgan yagona AQSh rahbari hisoblanadi. Ruzveltdan so‘ng prezidentlik muddatining ikki martadan ortiq bo‘lishi taqiqlab qo‘yilgan.
Manba: "aniq.uz"
| |
|