Главная » 2017 » Февраль » 14 » Asqar Hikmatov: “Rejissyorlar mendan foydalana olmayapti”
09:01

Asqar Hikmatov: “Rejissyorlar mendan foydalana olmayapti”


Loyihaning galdagi mehmoni komik rollari bilan o‘z muxlislariga ega bo‘lgan aktyor Asqar HIKMATOV...

1. Asqar, “lallaygan, baqiroq, og‘zidagi oshini oldirib yuradigan”, qisqasi bir xil rollardan charchamadingizmi?

— Rejissyorlar shunday rollarni berib charchamayapti-ku, men ham ijro etib beraveraman. Rejissyorlarga “bu rolni o‘ynamayman”, demayman, chunki “Mening do‘stim jin”ni inobatga olmaganda, o‘ynagan rollarim u qadar yomon emas.

2. Rejissyor Jahongir Ahmedov sizni komik aktyor sifatida kashf etdi. Lekin nega qolgan rejissyorlar Asqar Hikmatovni “plastilin” qilib foydalana olmayapti yo bitta “qolip”da yurish o‘zingizga yoqyaptimi?

— Bitta “qolip”da yurish o‘zimga ham yoqmaydi, albatta. Rejissyorlar meni “plastilin” qilib ishlatsin. Hatto suratga olish maydonchasiga borganimda ham rejissyorlarga “mendan foydalana olmayapsizlar”, deb takror-takror aytaman. “Nega? Shu rol bo‘ladi”, kabi mujmal javoblarni eshitaman. Rejissyor Ozod Shamsning “Voy-dod-2” filmida suratga tushganimda ham bu borada e’tiroz bildirganman. Rejissyor Bahrom Yoqubovning “Boyvachcha kuyov” filmini suratga olish jarayonida esa o‘z ijroimdan qoniqmagandim. Bahrom aka “Film tayyor bo‘lsa ko‘rasan”, deya ijroim ko‘ngildagidek ekaniga ishontirgandi. Katta ekranda o‘zimni ko‘rganimda haqiqatda rolim o‘zimga manzur bo‘ldi. Shu ikkita filmdagi rolimni solishtirib, rejissyorlar mendan qay darajada foydalana olgan yo aksi ekanini bilib olish qiyin emas. Balki rejissyorlar meni jiddiy rolda ko‘ra olmayotgandir? Lekin bu xato xulosa. Hech bo‘lmasa kastingga chaqirib, sinab ko‘rishsin. Ishonasizmi, umrimda bir marotabagina “Avtotest” serialining kastingiga chaqirishgan, xolos.

3. Yillar o‘tib, aktyor Asqar Hikmatovni qaysi filmi orqali eslasharkin?

— “Tundan tonggacha”, “Tilim qursin” filmlaridagi rollarim va Mirpiyoz rolim bilan, bu aniq!

4. Komediya va bachkanalik chegarasi qachon buziladi?

— Chegarasini bilmaymanku-ya, lekin ozgina ortiqcha xatti-harakat, mantiqsizlik bachkanalikka o‘tadi. Muhimi, oradagi me’yorni saqlay bilish. Misol bilan aytib, qaysidir aktyorni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqaman. “Tundan tonggacha” filmidagi miltiq sahnasini bir eslang. Matyoqub Matchonov, Alisher Uzoqov va men rolni jiddiy o‘ynaganmiz, lekin tomoshabin miriqib kuladi. Rejissyor Jahongir Ahmedov mendan “Buratino”dagi Pero singari oshiq yigitni ijro etishimni talab qilgan. Agar ortiqcha “ixtiro” qilganimda, aniq komediya chegarasidan o‘tib, bachkanalikka qadam qo‘yardim.

5. Komediya janrida o‘z muxlislarini topgan Murod Rajabov, Muhammadiso Abdulxairov, Zuhra Soliyevga nega ko‘pchilik muxlislar “bachkana” degan tamg‘ani qo‘yib qo‘yishgan?

— Murod akaning rollarida bachkanalikni ko‘rmaganman. Muhammadiso Abdulxairov borasidagi gaplarda jon bor. Rejissyorlarning aybi bachkana rollarga chaqirayotgani, Muhammadiso akani aybi esa shunday rollarga rozi bo‘layotgani. Rejissyorlarimiz Muhammadiso Abdulxairovni istalgan ampluada rol o‘ynay oladigan iste’dodli aktyor ekanini unutmasin. Rejissyorlar bu aktyordan unumli foydalana olmayapti. Zuhra opani ham o‘z yo‘nalishiga mos xatti-harakati, kulishi bor, bachkana emas.

6. Davlat filmlariga takliflar yo‘qmi yo rejissyorlar Jahongir Ahmedov bilan Iqbol Meliqo‘zievga sodiq aktyor bo‘lish istagidamisiz?

— Hali davlat filmlaridan taklif bo‘lganicha yo‘q. Aktyorman, istalgan rejissyorning filmida rol ijro etaman. Rejissyorlar Ayub Shahobiddinov va Rustam Sa’diev bilan ishlab ko‘rish niyatim bor.

7. Kinoda siz uchun ideal “rafiqa” bu — Sevara Soliyev, Shahzoda Muhammedova yoki...

— Sevara Soliyev. Tashqi ko‘rinish, chapani fe’l-atvor jihatdan to‘la bir-birimizga mos tushamiz.

8. Suhbatlari­mizdan birida “Uyda kam bo‘ladigan o‘g‘il, mehribon akaman”, degandingiz. Endilikda qanday turmush o‘rtoqsiz?

— Bir qo‘lida shokolad, ikkinchi qo‘lida qamchisi bor turmush o‘rtoq, shunday qilmasa bo‘lmaydi (kuladi). Rafiqam hozircha shokoladdan ko‘p yeb qo‘ydi. O‘zimning ham niyatim qam­chi­ni­ ishlatmaslik.

9. Yetarli darajada rashkchi ekaningizdan xabarim bor. Rafiqangiz bu borada sizni ortda qoldirmayaptimi?

— Rafiqam ham rashkchilik bobida tengsiz. Aktrisa Sevara Soliyevdan boshqa hamma “partnyor”larimdan rashk qiladi. Qolaversa, mehribonligi, hazilkashligi, ishlarni bilib-bilib qilishi jihatdan ham bir xilmiz. Va bir qo‘lida shokolad, ikkinchi qo‘lida qamchisi borligidan meni bexabar, deb o‘ylaydi o‘zicha. “Qamchini baribir ishlatmayapsan, tashlab yuboraver. O‘rniga yana bitta shokolad ol”, deganman o‘ziga.

— Nega o‘z ustingda ishlamay qo‘yding? Balki bunga oxirgi paytda “yulduzlik kasali”ga chalinganing sababdir? Faqat o‘zingni oqlama!

— Jahongir aka “o‘chib” qolsak, shunday tanqidlar bilan ruhlantirib turasiz. Ustoz, anchadan beri yoningizga borolmayapman, tan olaman oila bilan ovora bo‘lib qoldim, o‘zimni oqlamayapman. “Yulduzlik kasali”ga kelsak, sal noto‘g‘ri qadam bossam, birinchi bo‘lib yo‘limni to‘g‘irlab qo‘yadigan o‘zingizsiz-ku (kuladi)! Mendan ko‘proq narsani kutasiz, bu talabchanligingizni qadrlayman.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Asqar Hikmatov | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz