Главная » 2021 » Июнь » 16 » Aziz Haydarov: “Menga qolsa, Abramovni ancha oldin olib tashlagan bo‘lardim”
22:56

Aziz Haydarov: “Menga qolsa, Abramovni ancha oldin olib tashlagan bo‘lardim”


O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) terma jamoalar markazi direktori Aziz Haydarov terma jamoaning Saudiya Arabistoniga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragani haqida “Championat.asia” nashriga o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘yinni hamma ko‘rdi. Biz uchun ham, rahbariyat uchun ham bitta tizimda o‘ynab kelingan tarkibning murabbiy tomonidan uchrashuvga ikki kun qolganida o‘zgartirilgani yangilik bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, o‘yinga tanlangan reja o‘zini oqlamadi deb aytish mumkin. Yana yigitlarning o‘z pozitsiyasiga qo‘yilmaganini qo‘shimcha qilish mumkin. Futbolchilar juda qisqa muddat ichida bunga ko‘nika olmadi. O‘ylaymanki, yosh o‘yinchilar va ishlab turgan murabbiylar bundan to‘g‘ri xulosa chiqaradi.

Mening shaxsiy fikrimga keladigan bo‘lsak, dastlabki ikki o‘yin biz uchun haqiqiy “trevoga” bo‘ldi. Oxirgi uchrashuvda esa o‘zbek futbolining qayerda ekanligi ko‘rinib qoldi. Men buni anchadan beri gapirib kelaman, o‘zbek futboli o‘zidan-o‘zi bu darajaga tushib qolgani yo‘q. Futbolimizni tak-tugi bilan hamma narsadan tozalashimiz kerak.Chuqurlikka tushib bo‘ldik, endi undan ko‘tarilish kerak. O‘ylashimcha, bu hammamiz uchun dars bo‘ldi, futbolga tegishli bo‘lgan hammaga.

Endi buyog‘iga bizni Osiyo chempionatlari saralash o‘yinlari kutib turibdi. Yaqinda Toshkentga yetib keldik, hozircha nima bo‘lishi aniq emas. Ertaga (17-iyun) kongress bo‘lib o‘tadi. Bizning taqdirimiz ham shunda hal bo‘ladi.

Abramov iste’foga chiqariladimi? To‘g‘risini aytsam, menga qo‘yib berishganida uni bugun emas, ancha oldin olib tashlagan bo‘lardim. Vaqt kam bo‘lgani uchun tavakkal qilinmadi va unga imkoniyat berildi. Abramov bilan ko‘p birga ishlaganmiz. Lekin ochig‘ini aytaman, hozirgi kunning talablari bo‘yicha boshqa murabbiy qidirishimiz kerak. Uni yaxshi yoki yomon demayman. Kecha hamma yutqazdi, o‘zbek xalqi yutqazdi. Futbolchilarni haqoratlamasliklarini so‘rab qolardim, chunki ular kelajagimiz, boshqa o‘yinchilar qalashib yotganida ham mayli edi. Biz oldin ularga yaxshi sharoit yaratib berib, keyin natija talab qilishimiz kerak.

Nima bo‘lganda ham ishlashda davom etishimiz lozim. O‘FAdagi xodimlardan tortib to futbolchi va murabbiylarga qadar halollik va chin ko‘ngildan mehnat qilish zarur.

Aziz Haydarov, O‘FA terma jamoalar markazi direktori

Shuningdek, Haydarov mahalliy murabbiylardan kimlar terma jamoa talabiga javob berishi haqidagi savolga ham o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Ayni paytda menga ish uslubi yoqadigan murabbiylar — Ro‘ziqul Berdiyev va Timur Kapadze. Kapadze boshqaruvidagi yosh “Olimpik” jamoasi hozirda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda, lekin bu uning terma jamoa murabbiyi bo‘ladi degani emas. Hammasini rahbarlar hal qiladi”, — deydi Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk marta Jahon Chempionatlari saralashi doirasida so‘nggi, 3-bosqichga chiqa olmadi. Mazkur o‘yinda Vadim Abramov shogirdlariga keyingi bosqichga chiqish uchun durang natija ham kifoya qilardi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Abramovni, Aziz Haydarov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz