Ob-havo tufayli bo‘g‘imlar og‘riganda…
Ob-havoning o‘zgarishiga nafaqat bo‘g‘imlar, balki butun organizm ta’sirchan bo‘ladi. Ko‘pchilik odamlarning bu holatda qon bosimi ko‘tariladi, boshi aylanadi, behollik qiynaydi, yurak urishi tezlashadi. Revmatizm, artrit kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham ob-havo o‘zgarishini zimdan sezadi. Bularning hammasi organizmda kechayotgan yallig‘lanish jarayonidan darak beradi. Chunki sog‘lom odamlarda bunday holat bo‘lmaydi.
Tavsiya
Har yili yilning issiq faslida dam olish maskanlarida hordiq chiqarib, radonli, balchiqli vannalar qabul qilish, sovuq mavsumdan oldin esa yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega dori vositalari, in’eksiyalar olsangiz, havo soviganida, bunday holatdan qiynalmaysiz.
Bo‘g‘imlarni qisirlatish odatmi?
Ko‘pchilik kishilar uchun bu odat tusiga kirgan. Ba’zilar shu yo‘l bilan asablarini tinchlantiradi, boshqa birovlar esa xayoli parishon holatida shunday qilishni xush ko‘rishadi. Avvalo, nega bunday bo‘lishini aniqlaylik. Bu o‘ylaganingizdek, bo‘g‘imlarda yig‘ilib qolgan tuzlar emas. Qisirlash bo‘g‘imlardagi tog‘ay to‘qimasidan chiqadi. Qo‘llarni qisirlatganda og‘riq sezmaymiz. Negaki tog‘aylarda asab to‘qimalari yo‘q. Ammo bu odatga aylansa, tog‘aylar mo‘rtlashib, atrofidagi to‘qimalarni yallig‘lantirishi, bu esa suyaklarga ozor berishi mumkin. Nega deganda, suyaklardagi asab tolalari og‘riqni darhol sezadi. Noxush odatingiz artroz kasalligini chaqirishi mumkin.
Maslahat
Qisirlatish natijasida nafaqat bo‘g‘im, balki tog‘ay to‘qimasi, paylar, qo‘l mushaklari zararlanadi. Ularga shikast yetgan-etmaganini aniqlash uchun shifokorga murojaat eting. Shifokor suyak va bo‘g‘im to‘qimasini mustahkamlovchi xodroitin sulfat, glyukozamin sulfat, gidroxlorid bo‘lgan vositalar buyuradi. Shuningdek, bir muddat darmondori yig‘indilarini ichib turish kerak. Davolanishdan keyin yana eski odatingizni eslamaslik uchun rezina halqadan foydalanish mumkin. Uni qo‘lda ezish bo‘g‘imlar uchun maroqli va gimnastika vazifasini o‘taydi. Bo‘g‘imlar harakatchanligini saqlab qolish uchun, barmoqlarni yig‘ib, kaftga tekkizish mashqi bajariladi.
Davo
Tirnoqgul (nogotki) yordamida bir talay bo‘g‘im kasaliklarini davolash mumkin. Buning uchun 2-3 tup o‘sib turgan o‘simlik guli va barglari salqin joyda quritiladi. Undan ikki hovuch olinib, shisha idishga solinadi. Ustidan 100 gramm tibbiyot spirti quyiladi va usti yopiq idishda qorong‘i joyda saqlanadi. 3 kundan keyin tindirma tayyor bo‘ladi. Unga paxta bo‘lagi shimdirilib, zararlangan joylarga surtiladi. Muolaja har kuni yotishdan oldin 2 hafta davomida bajariladi.
Asal va karam yordamida uy sharoitida davolash
Karam bargiga asal surtilib, og‘riyotgan joyga qo‘yiladi. Usti doka va jun ro‘mol bilan mahkam bog‘lanadi. Kompress har kuni yotishdan oldin bir oy davomida qo‘yiladi. Bo‘g‘imdagi shish tezroq yo‘qolishi uchun ertalab va yotishdan oldin yarim piyoladan karam sharbati ichiladi.
Madina Muhammadiyeva