19:26 Bermud uchburchagi: afsona va haqiqat | |
Bermud uchburchagi – Yer sayyorasining sinoatli nuqtalaridan biri. Atlantika okeani, Sargassovo dengizida joylashgan bu hudud Florida, Bermud, Puyerto-Riko orollari bilan o‘ralgan uchburchakda joylashgani uchun shunday nom olgan.Uning sinoati shundaki – bu hududdan uchib yoki suzib o‘tayotgan suv va havo kemalari sirli ravishda halokatga yuz tutadi. Bu halokatlarni turli tabiat hodisalaridan tortib, o‘zga sayyoraliklargacha bog‘lashadi. Iblis dengizi Bermud uchburchagida suv va havo kemalarining «sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi» haqidagi qarashni ilk bor Associated Press muxbiri Edvard Van Vinkl Jons 1950 yilda ilgari suradi va bu hududni «iblis dengizi» deb ataydi. «Bermud uchburchagi» iborasini esa yozuvchi Vinsent Gaddis 1964 yilda qo‘llaydi – «Agrosi» jurnalida «Halokatli Bermud uchburchagi» sarlavhali maqola chop etib, unda AQSh aviatsiya flotiga tegishli 19-zveno harbiy samolyotlari shu hududda izsiz yo‘qolgani hikoya qilinadi. Shu bilan 60-70 yillarda Bermud uchburchagi atrofida turli asosli-asossiz gaplar ko‘payib ketadi. Vahimalar sababi Bermud uchburchagi paranormal sinoatga egaligi haqidagi nazariyaga ishonuvchilarning ta'kidlashicha, 20-asrda 100dan ziyod havo va suv kemalari bu hududda izsiz yo‘qolgan. Sirli ravishda yo‘qolish bilan birga, kemalarning bir zumda bir hududdan boshqa hududda paydo bo‘lib qolishi, vaqtning anomal tarzda o‘zgarishi kabi holatlar aytiladi. Skeptik-realist olim Lourens Devid Kushe «Bermud uchburchagi: afsona va haqiqat» kitobida bu joyga taalluqli qilib ko‘rsatiladigan ba'zi halokatlar aslida boshqa hududlarda sodir bo‘lganini ta'kidlaydi. Ayrim halokatlarning esa chindan ham sodir bo‘lgani haqida rasmiy manbalarda ishonchli fakt va dalillar mavjud emas. 19-zveno Bermud uchburchagi bilan bog‘lanadigan shov-shuvli voqealardan biri AQShning bombardimon harbiy samolyotlaridan iborat 19-zvenoning halokati hisoblanadi. Zveno 1945 yil 5 dekabrda AQShning harbiy kuchlar bazasidan beshta samolyot Fort-Loderdeyl sari yo‘l oladi, ammo qaytib kelmaydi. Samolyotning qoldiqlari ham topilmaydi. Ba'zi manbalarga ko‘ra, ekipaj yaxshi ob-havoda, okean osuda bo‘lgan vaqtda parvozga shaylangan. Parvoz chog‘ida uchuvchilar harbiy baza bilan radiomuloqotda navigatsiya qurilmalarining ishdan chiqqani va g‘ayritabiiy vizual effektlar kuzatilayotganini aytishadi. Samolyotlar bilan aloqa uzilgach, uni topish maqsadida «Martin Mariner» gidrosamolyoti yo‘lga otlanadi, ammo u ham izsiz yo‘qoladi. Kushening bu bo‘yicha versiyasi boshqacharoq. Unga ko‘ra, zveno tajriba parvozini amalga oshirayotgan kursantlardan iborat bo‘lgan. Ular orasida faqatgina leytenant Teylor tajribali bo‘lib, u ham bu yo‘nalishda ilk bor parvoz qilayotgan edi. Saqlab qolingan radiomuloqot yozuvida esa leytenant mo‘ljalni yo‘qotib qo‘ygani, kompaslar yo‘lni ko‘rsatmayotgani aytilgan. Mo‘ljalni tiklashga harakat paytida samolyotning yonilg‘isi tugaydi va Teylor suv ustiga qo‘nishga majbur bo‘ladi. Ammo bu paytda notinch bo‘lgan suv samolyotni domiga tortib ketadi. Olimning yozishicha, zvenoni izlash maqsadida yo‘l olgan ikkita «Martin Mariner» gidrosamolyotida yonilg‘i uchqunlari kabinaga o‘tishi natijasida yong‘in kuzatilib, halokatga uchraydi. Haqiqat izlab 2018 yilda Buyuk Britaniyaning Sautgempton universitetidan bir guruh tadqiqotchilar Bermud uchburchagi atrofidagi gap-so‘zlarga ilmiy asos topish uchun izlanishlar olib borishadi. Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, mazkur hududda kemalarning yo‘qolishiga sabab – to‘lqinlardir. Ma'lum bo‘lishicha, bu hududda balandligi 30 metrgacha boradigan, juda tik bo‘lgan to‘lqinlar yuzaga keladi. Bunday to‘lqinlar bir necha nuqtada bir vaqtning o‘zida kuchli bo‘ron harakatga kelishi natijasida paydo bo‘ladi. Buni amalda isbotlash uchun AQShning okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi okeanografi Saymon Boksall qiziq tajriba o‘tkazadi – halok bo‘lgan kemalarning kichik prototipini yasaydi, maxsus idishga ularni qo‘yib, Bermud uchburchagida qayd etiladigan suv harakatlari modelini harakatga keltiradi. Natijada kemalar suvning bunday harakatiga qarshi tura olmasligi, to‘lqinlar kemani suv girdobiga tortib ketishi ma'lum bo‘ladi. Shuningdek, tadqiqotchilar Bermud uchburchagidagi anomaliyalar bilan bog‘liq boshqa farazlarga ham oydinlik kiritishdi. Magnit anomaliyalari. Atlantika okeanida magnit anomaliyalari chindan ham mavjud, ular yerosti mantiya qavatidagi harakatlar bilan bog‘liq, ammo bu anomaliyalar Bermud hududidan 1500 km janubda – Braziliya atrofida kuzatiladi. Suv ostida to‘planuvchi gazlar. Bu hududda kuzatiladigan anomaliyalar suv ostida yonuvchan gazlarning to‘planib qolishi, to‘lqinlar harakati bilan ularning yuzaga chiqishi va kemani cho‘ktirishi ham taxmin qilinadi. Ammo olimlar bu taxmin ham o‘zini oqlamasligini aytmoqda. «Gazlarning to‘planib qolishi – ehtimoliy holat, ammo bunday holat kuzatilishi mumkin bo‘lgan joy faqat Bermud uchburchagi emas, bunday nuqtalar dunyo suv havzalarida talaygina», deydi Boksall. «Asosiy aybdor – inson omili» Boksallning fikricha, samolyot va kemalarning bu hududdagi halokati insoniy xatolar natijasida ro‘y bergan. AQShning Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Bermud hududidagi halokatlarning 82 foizi okeanda harakatlanish bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lmaganlar bilan sodir bo‘lgan. «Halokatlarning bosh omillaridan biri – kemalarda radiopriyomnik va navigatsiya qurilmalarining yo‘qligidir. Okeanda tadqiqotlar olib borish jarayonida oddiy yo‘l xaritasiga yoki mobil telefondagi navigatorga ishonib chiqqanlarni ham uchratdik. Qirg‘oqdan 50-60 km uzoqlashgach, mobil telefonlar signali yo‘qoladi», deydi AQShning okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi okeanografi Saymon Boksall. O‘zgaruvchan ob-havo sharoiti, qo‘qqisdan qisqa muddatda yuzaga keladigan bo‘ronlarning ham halokatlarda roli bor. «Umuman olganda, Bermud uchburchagi muayyan bir hudud bilan cheklanib qolmaydi. Dunyoning istalgan nuqtasi ehtimoliy Bermud uchburchagi bo‘lishi mumkin. Bo‘ronlar yuzaga keladigan, to‘lqinlar harakati bo‘lgan, suv ostida xavfli gazlar to‘planadigan joylar, tajribasiz uchuvchilar va kema boshqaruvchilari bor ekan, istalgan nuqtada «g‘ayritabiiy» anomaliyalar kuzatilishi istisno etilmagan», deydi Boksall.
Manba: "kun.uz"
| |
|