Biroz avval e’tiboringizga havola etilgan “Zaytun novdasi” operatsiyasi boshlanganiga bir oy to‘ldi. Turkiya kimga qarshi chiqmoqda?” nomli maqola shu jumlalar bilan yakunlangandi:
Turkiya hukumati uchun qochoqlarni uy, kiyim-bosh, oziq-ovqat va ish bilan, har bir kishini nafaqa bilan ta’minlash oson bo‘lmayotgani aniq. Shu bois harbiy amaliyotlar muvaffaqiyatli yakun topsa, Suriyada xavfsiz hududlar yuzaga keladi va qochqinlarning bir qismi o‘z uyiga qaytadi.
Darhaqiqat, bugun Turkiyada rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 3,5 milliondan ortiq, norasmiy ma’lumotlarga qaraganda 6 milliondan ziyod qochoqlar istiqomat qilmoqda. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi bugungacha qochoqlar uchun sarflangan mablag‘ 38 milliard AQSh dollaridan ortganini aytadi.
3,5 million nafar aholi! Bu kichkina ko‘rsatkich emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, bir kichikroq mamlakat aholisi bilan teng degani.
O‘tgan yili Turkiya hukumati tomonidan qochqinlarga yaratib berilgan sharoitlarni o‘z ko‘zimiz bilan bilan ko‘rish imkoniyati bo‘lgandi. Lagerlarga o‘rnatilgan uy-konteynerlarning har biriga chiroq, issiq va sovuq suv o‘tkazilgan. Har bir uy-konteynerda oshxona mavjud. Bundan tashqari, ularning har birida maishiy texnikalardan televizor, muzlatgich va kir yuvish mashinasi o‘rnatilgan. Lagerda alohida arzonlashtirilgan supermarket, poliklinika, maktab, masjid bor. Onalar va uy bekalari uchun qo‘shimcha kasb to‘garaklari faoliyat yuritadi. Har mavsumda qochqinlar kiyim-bosh bilan ta’minlanadi. Qolaversa, har kishi boshiga 15 kunda 50 liradan pul beriladi.
Qochqinlar soni esa kun sayin ortib bormoqda. To‘g‘ri, bugun Turkiyaga kirib kelayotgan qochoqlar to‘xtagandir, biroq 5-6 yildan buyon mamlakatdagi lagerlarda yashab kelayotgan qochqinlar bir necha farzandli ham bo‘lishga ulgurgan. Ular farzanlari uchun ham har 15 kunda 50 liradan pul oladilar.
Birgina Qahramonmarashda joylashgan qochoqlar lagerida qariyb 24 ming kishi istiqomat qiladi. Ularning 18 ming nafari suriyalik, qolgan 5 mingdan ziyodi iroqlik. Lagerga 5008 ta uy-konteyner, bitta maktab, bitta bog‘cha, ikkita masjid va poliklinika joylashtirilgan.
Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Basher Shen Suriyaning Idlib viloyatida olib borilgan harbiy harakatlarning samarasi o‘laroq, ko‘plab qochqinlar o‘z yurtlariga qaytganlarini aytarkan, Afrindagi “Zaytun novdasi” yakunidan ham shu kutilayotganini qo‘shimcha qildi.
Yuqorida aytilganidek, 3,5 million qochoqni boqish o‘zi emas, harbiy harakatlarni olib borish ham katta mablag‘ talab etadi. Rasmiy Anqara esa bularni hech bir mamlakat va hech bir xalqaro tashkilot moddiy jihatdan moliyalashtirmayotgani, hammasi Turkiya hukumati tarafidan amalga oshirilayotgani aytadi. Xo‘sh, Turkiya xalqi bunga qanday munosabatda? Harbiy harakatlarga sarf etilayotgan, qochqinlarga tortiq etilayotgan mablag‘lar ham aslida xalqniki, harbiy operatsiyalarda halok bo‘layotgan askarlar ham xalqning bolasi. Bu masalaga Ahmad Bashar Shen quyidagicha munosabat bildirdi:
“Bu insonlar haqida so‘z ketganda, ularga salbiy ko‘z bilan qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular shundoq ham o‘z mamlakatida uyini, ishini, yaqinlarini yo‘qotgan. Ularning ahvoli og‘ir. Men aminmanki, nafaqat Turkiya, balki O‘zbekistonda ham og‘ir sharoitda qolgan odamga ket, yordam bera olmaymiz, deyilmaydi. Biz siz bilan bir madaniyat vakillarimiz va tabiiyki, bizlarda millatlararo dushmanlik, irqchilik yo‘q. Qisqa qilib aytganda, g‘arbning kasalliklari bo‘lgan bu illatlar bizga yot!
2011-2012 yillarda men Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Suriya boshqarmasida ishlagan bo‘lsam, keyinroq, Berlindagi konsulxonaga o‘tkazildim. Suriyalik qochoqlar Turkiyadan Yevropaga kelishni boshlaganida Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarining qanday ahvolga tushganini juda yaxshi eslayman. Qochqinlar chegara hududlaridan o‘ta olmasin, deb chegaralarni tikanli simlar bilan o‘rashdi, hatto, ularga qarata o‘t ochganlar ham bo‘ldi.
Madaniyatlarimizning o‘xshash tomonlari shundaki, qiyin sharoitdagi odamning ko‘ksidan itarmaymiz. Turkiya Suriyadan kelgan qochoqlarga huddi shunday munosabatda bo‘ldi. Zulmga uchragan insonga nisbatan mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqlarimizning qon-qoniga singib ketgan.
Biz ularni quchoq ochib qarshiladik. Albatta, Suriyadagi vaziyat bizga yoqayotgani yo‘q. Lekin ular kelib bizdan boshpana so‘rab tursa, qanday qilib yo‘q deymiz?!
Halok bo‘layotgan askarlarimizga kelsak, ular Vatan tinchligi uchun terrorchilarga qarshi kurashoqda. Ular Suriyada tinchlik o‘rnatilishi, Turkiyadagi qochqinlar o‘z mamlakatiga qayta olishi uchun kurashmoqda. Shu bois Turkiya xalqi bu vaziyatda hukumatni qo‘llab-quvvatlab, qochqinlarning ko‘ksidan itarmayapti.
Turkiya xalqi va Suriyadan kelgan qochoqlar o‘rtasida ko‘cha-ko‘yda maishiy masalalar deb kichik janjallar chiqishi mumkin, ammo buni katta nizolarga mengzash to‘g‘ri, deb bo‘lmaydi”, deydi Ahmad Bashar Shen.
Turkiya nima uchun suriyalik qochqinlarga yordam qo‘lini cho‘zayotganini ko‘pchilik “bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” qabilida tushunishi mumkin. Biroq mamlakat hukumati, jumladan davlat rahbari surat ostidagi ushbu gaplar bilan javob qilyapti: Bu bir vijdon masalasi!
Qamariddin Shayxov