18:14 “Bu kabi fitnalarga aralashish harom” – Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi | |
Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi oʻzbekistonlik migrantlarni Ukraina hamda Rossiya kabi urush kechayotgan hududlardagi turli vaʼdalar va fitnalarga aldanmaslikka chaqirdi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan oʻyinlar avj olgan bir vaziyatda zulm va istibdod, terror va buzgʻunchiliklar, axloqsizlik va maʼnaviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi har qachongidan koʻra ogoh va hushyor boʻlishi darkor. “Ayrim terrorchi tashkilot vakillari esa paytdan foydalanib, “jihod” daʼvosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda. Aslida musulmon kishini oʻz vatanini himoya qilishdan boshqa har qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi sharʼan joiz boʻlmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad “As-Siyarul-kabir” kitobida aytadilar: “Musulmonlar gʻayridinlar bilan birlashib, boshqa gʻayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas”. Ushbu urushga “jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qoʻyilgan oʻziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. U Islomda harom qilingan urush boʻladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida boʻladi. Unda oʻldirganlar qotil, oʻlganlar esa gunoh uzra jon bergan bogʻiylar boʻladi” – deyiladi xabarda. Shuningdek, murojaatda bu kabi fitnalarga aralashish sharʼan harom hisoblanishi, qolaversa, amaldagi qonunchiligimizda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, noqonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga aʼzo boʻlish taʼqiqlangani aytib oʻtilgan.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|