20:17 Butun boshli orol koronavirus bemorlari uchun shifoxonaga aylantiriladi | |
Indoneziya hukumati Galang orolida joylashgan sobiq qochqinlar lagerini koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun maxsus kasalxonaga aylantirmoqchi. Bu haqda “The Jakarta Post” nashri xabar bermoqda. Mamlakat armiyasi qo‘mondoni, havo marshali Xadi Tchaxjantoning aytishicha, shifoxonadan tashqari, orolda karantin markazi ham ishlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiyot muassasasi ming bemorni qabul qila oladi. Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot muassasasi bir oydan keyin ilk bemorlarni qabul qilishni boshlaydi. Indoneziyada ayni paytda ikki nafar shaxs koronavirusga chalingani qayd etilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirusga chalinganlar soni 95 413 nafarga yetdi. Ushbu kasallikdan 3286 kishi vafot etdi. 53 291 bemor shifo topgan. Koronavirus eng ko‘p tarqalgan davlatlar: Xitoy (80409 bemor – 3013 nafar vafot etgan), Janubiy Koreya (5766 – 35), Italiya (3089 – 107), Eron (2922 – 92), Yaponiya (1000 – 12), Fransiya (285 – 4), Germaniya (262 – 0), Ispaniya (202 – 2), AQSH (159 – 11), Singapur (110 – 0), Gonkong (105 – 2).
Manba: "qalampir.uz"
| |
|