Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, chekuvchilarning 60 foizi o‘zining mana shu zararli odatlarini tashlashni orzu qilishar ekan. Bu yo‘lda ko‘p harakat qilishadi ham, biroq buning uddasidan chiqishmaydi.
Mazkur maqolada ushbu zararli odatni butunlay unutishga yordam beruvchi tavsiyalarni havola etamiz...
• Chekishni tashlayotganligingizni hammaga ayting
Amerikalik olimlarning ta’kidlashicha, ommaviy bayonotlar maqsadga erishishga yordam beradi. Xususan, kashandalarning chekishni tashlashga bo‘lgan istagini ko‘pchilikka aytishi ham buning uddasidan chiqishiga yordam beradi. Barcha do‘stlaringizga bu haqdagi xabarni yetkazing. Ularning qo‘llab-quvvatlashi siz uchun faqatgina foyda bo‘ladi. Keyingi safar chekuvchilar bor bo‘lgan ziyofatlarga sizni kamroq olib borishadi.
Nima bo‘lganda ham, chekishni tashlash uchun sabr va mustahkam istak bilan qurollanish lozim. Psixologlarning aytishicha, har qanday xumor tutishi atigi bir daqiqagina davom etuvchi jarayon. Qattiq tamaki chekkingiz kelganda, bir daqiqa davomida chuqurroq nafas olishga harakat qiling. Bu vaqtda 60 gacha sanashingiz ham mumkin. Shunda e’tiboringizni boshqa narsaga chalg‘itgan bo‘lasiz.
• Jismoniy faollik
Angliyalik olimlar jismoniy faollikning inkor etish sindromi bilan bog‘liqligini aniqlashga doir tadqiqot o‘tkazishdi. Insonlar chekishni tashlashga urinishganida ularda nimaningdir yetishmayotganlik hissi paydo bo‘ladi. Jismoniy faollik esa mana shu hissiyotni bosishga, hayolga o‘tirib qolgan fikrlarni quvishga yordam beradi. Sport tamaki tarkibidagi nikotin moddasiga ta’sirchan asab hujayralariga quvvatlovchi ta’sir ko‘rsatadi.
• Meva-sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qiling
Kundalik taomnomada meva-sabzavotlarga ko‘proq joy ajratilishi chekishni tashlashga yordam beradi. Buni aniqlash uchun yoshi 25 yoshdan katta bo‘lgan ko‘ngillilarda tadqiqot o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, inson qancha ko‘p meva-sabzavot yesa organizmga zaharli moddalarning tushish xavfi shuncha kamayadi. Negaki, ularning boy tarkibi tanani kerakli moddalar bilan boyitadi. Ertalab och qoringa yarim stakan limon sharbatiga suv qo‘shib ichish ham chekishni tashlashga yordam beradi. Nonushtaga apelsinli, banan yoki olmali sharbat ichish tavsiya etiladi. Tushlikka esa yog‘li ovqatlarni salatlar bilan birga yeyishga harakat qiling. Sabzavotli sho‘rvalar, mevali piroglar, kompotlar menyuning turfa xilligini ta’minlaydi va chekishga bo‘lgan istakni “o‘tmaslashtiradi”.
• Sut ichishni unutmang
Sut iste’molidan keyin tamakinig ta’mi yoqimsiz bo‘lib qoladi. Qolaversa, aynan sut chekishga bo‘lgan istakni susaytiradi. Sut va sut mahsulotlari organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini mustahkamlaydi. U uzoq muddat tamaki chekilishi oqibatida paydo bo’lgan o‘pkadagi zararlanishlarga malham bo‘ladi.