So‘nggi vaqtlarda dahshatli filmlarning turli ko‘rinishlari paydo bo‘lib ulgurdi. Rejissorlar tomoshabinni imkon qadar qo‘rquvga va hayratga solish uchun astoydil urinishmoqda. Ular bu filmni ko‘rib qo‘rquv domiga tushishlarini bilishsa ham tomosha qilishda davom etishadi, rohatlanishadi. Siz ham dahshatli filmlar ko‘rishni yoqtirasizmi? Bu odat ko‘ringanidek bezarar bo‘lmagan, yashirin sabablar haqida so‘zlashi mumkin. Psixologlar bu borada quyidagilarni ma’lum qiladi...
1. Real hayotda his-tuyg‘ularning yetishmasligi
Shaxsiy hayotda his-tuyg‘ular yetishmagan vaqtda inson ularni qidira boshlaydi. Kimdir parashyutdan sakraydi, kimdir ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanadi va yana kimlardir dahshatli film ko‘rishga tushadi. Film tomoshasi davomida u adrenalin qabul qilib, kuchli qo‘zg‘alish holatiga o‘tadi. O‘zida bularni his qilish tomoshabinga xush keladi. Umuman olganda, dahshatli filmlarni yoqtirish psixologik buzilish emas. Psixologlarning ta’kidlashicha, qo‘rqituvchi sahnalar insonni o‘ziga tortadi.
2. O‘z qo‘rquvlari bilan kurashish
Bunday filmni tomosha qilish davomida inson o‘z qo‘rquvlari ustidan nazorat o‘rnatadi va 1-1,5 soat o‘tgach, bu qo‘rquvlar nihoyasiga yetishiga o‘zini ishontiradi. Kino tugagach, u yengillik his qiladi. Vaholanki, bunday odamlar o‘z real hayotida bu kabi hissiyotni tuyishmaydi.
Uyida dahshatli film tomosha qilgan odam o‘zini butunlay xavfsiz yerdaligini anglaydi va qo‘rqinchli voqealarning bari o‘zi bilan sodir bo‘lmayotganini yaxshi tushunadi. Ammo, aynan ularni deb inson kechasi dahshatli tushlar sabab uyg‘onib ketadi. Unda qo‘rquvning yangi turlari paydo bo‘lishi ham mumkin.
Bu holatda bunday filmlar tomoshasiga chek qo‘yish kerak. Chunki, har qanday filmning ma’lum qismlari ong ostida qolib ketadi va odam ko‘rgan kinosidagi voqealarga yaqin holatga tushib qolganida ular “tiriladi”. Bu esa o‘sha insonda kuchli xavotirni paydo qilishi mumkin.
3. O‘zni qiyoslash
Psixologlarning aytishicha, tomoshabin filmda qatnashgan har bir aktyor uchun g‘am chekishi, bu rollarda o‘zini tasavvur qilib ketishi ham mumkin ekan.
Hayotida ko‘pincha, asabi buziladigan odamlar o‘zini salbiy roldagi aktyorga o‘xshatadi. Ko‘ngli bo‘sh, oqim bo‘yicha suzuvchilar esa o‘zini qurbon rolidagi insonga qiyoslaydi. Hayotda mana shu o‘xshatishlar sababli ham muammolar yuzaga kelishi mumkin.
4. Yashirin agressiya
Yuqorida aytilgani kabi dahshatli film tomosha qilishning o‘zi ruhiy buzilish yoki nosozlik alomati emas. Ammo, ruhiyatida buzilishlar kuzatilgan inson ushbu filmlarni tomosha qilsa, bu, muammoga sababchi bo‘lishi hech gap emas. Sog‘lom odam zo‘ravonlik aks etgan sahnalarga nafrat ko‘zi bilan boqadi. Ammo, kimlargadir kino qahramonining iztiroblari qoniqish yoki lazzat bag‘ishlasa, bu ham tashvishli alomat bo‘lishi mumkin. Ba’zida tomoshabin o‘zi anglamagan holatda filmda yashirin niyatlarini ko‘radi. Jinoyat, agressiya, yovuzlik anglashilmagan holatda insonning qorong‘u yerlariga tegadi va u film orqali bu hissiyotlarni tuyadi.
5. Gender muammosi
Sizningcha, dahshatli filmlarni kimlar ko‘proq tomosha qiladi: erkaklarmi yoki ayollar? Olimlar buni jasurlikni ko‘rsatish orqali tushuntirmoqchi bo‘lishadi. Erkaklar dahshatli filmni ko‘rib, qo‘rquvni his qilishmaganidan rohatlanishadi. Shu sababli bo‘lsa kerak, aksariyat erkaklar o‘z ayollari bilan aynan qo‘rqinchli kino ko‘rishadi.
Film tomoshasi vaqtida ayollar qo‘rquvni his qilib, yonidan ishonchli himoyachini qidiradi. Mana shu vaqtda erkak o‘zining jasurligini ko‘rsata olishi mumkin. Ammo ayollar bunday filmlardan ko‘proq rohat olishadi.