19:59 Diqqat markazida yana Gulnora Karimova. Britaniyalik prokurorlar O‘zbekistonga kelmoqchi | |
Buyuk Britaniyada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishonilgan 29 million dollarlik ko‘chmas mulklarga kim rasman egalik qilishini aniqlash uchun britan prokurorlari O‘zbekistondagi qamoqxonaga safar qilishlari kerak bo‘lishi mumkin. Bu haqida BBC yozmoqda. Britaniyaning Jiddiy firibgarlik idorasi (Serious Fraud Office - SFO) 2017 yilda korrupsiya gumonlari tufayli sudda Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishonilgan qator mulklarni muzlatib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu ko‘chmas mulklar sirasiga London g‘arbidagi Askot tumanida joylashgan qiymati 18 million funtlik (22,2 million dollar) saroy, Qirolichaning Bukingem saroyiga yaqin joylashgan 3,7 million funtlik (4,5 million dollar) uy va Londonning eng nufuzli mavzelaridan sanalmish Belgraviyadagi 1 million funtlik (1,2 million dollar) kvartira kiradi. Joriy yilning 26 iyun kuni o‘tgan sud ishida Jiddiy firibgarlik idorasiga bu mulklarni muzlatish hukmi muddatini uzaytirishga ruxsat berildi. Mahkamada aytilishicha, Gulnora Karimova 2004 va 2012 yillar orasida xalqaro kompaniyalardan olgan 500 million dollarlik pora pullarni yuvish uchun ofshor hisob raqamlari orqali bu ko‘chmas mulklarni sotib olgan. Ko‘chmas mulklar muzlatilganiga uch yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Jiddiy firibgarlik idorasi hali ham Gulnora Karimova va uning sherigi Rustam Madumarovga rasmiy ogoh qilish xatini bera olmagani aytiladi. Idora advokatlari bu uchrashuvni uyushtirishda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yordam berishiga umid qilmoqda. Ularning O‘zbekistonga ehtimoliy tashrifi COVID-19 tufayli kechiktirilayotgani aytiladi. 26 iyun kuni Londonda o‘tgan sud ishida Karimovaning o‘g‘li Islom Karimovning advokati Hyugo Kiyt ham ishtirok etgan. U ko‘chmas mulklar muzlatilishiga qarshi emasligi, ammo ular bo‘yicha iddaolar davom etishi uchun Gulnora Karimovani rasman ogoh kilish kerakligini urg‘uladi. Janob Kiytning sudga bildirishicha, Gulnoraning o‘g‘li Islom Karimov bu uylar qonuniy yo‘lda xarid qilinganiga ishonadi, ammo buni isbotlash uchun onasi bilan ko‘rishishi kerak, bu esa imkonsiz. Janob Kiytga ko‘ra, Islom Karimov 19 yoshida oilaviy saroyning qog‘ozdagi egasi deya rasman qayd qilingan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|