20:01 Dunyo aholisining uchdan ikki qismi koronavirus bilan zararlanishi mumkin | |
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassisi Ira Longini dunyo aholisining uchdan ikki qismi COVID-19 koronavirusini yuqtirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir virus yuqtirgan odam uni o‘rtacha ikki yoki uch kishini zararlashi mumkin. Olimning ta’kidlashicha, na karantin, na zararlangan odamlarni alohida saqlash yangi koronavirusni to‘xtata olmaydi. Uning ta’kidlashicha, bunday chora-tadbirlar faqat infeksiya tarqalishini sekinlashtirishi mumkin. Ma’lumot uchun, xitoylik shifokorlar COVID-19 koronavirusi bilan kasallangan bemorlarni davolashning yangi samarali usulini e’lon qildi. Uxan shifoxonasi rahbari Chjan Dingyu jurnalistlar bilan suhbatda koronavirus yuqtirgan bemorlarga qon plazmasini quyish usuli davolashda samarali ekanligini ta’kidladi. Mutaxassislarning aytishicha, pnevmoniyaga chalingan ba’zi odamlarning plazmasida virus bilan kurashishga yordam beradigan antikorlar topilgan. Yangi koronavirus Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi. Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi. Virusdan halok bo‘lganlar soni 1 491 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 65 247 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|