Главная » 2020 » Февраль » 23 » Dunyoning eng boy ayollari kimlar?
17:57

Dunyoning eng boy ayollari kimlar?


Milliarder deganda odatda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida badavlat erkaklar namoyon bo‘ladi. Ammo dunyoda milliarder ayollar ham kam emas. Bu xonimlarning aksariyati o‘z boyligini meros orqali qo‘lga kiritgan bo‘lsada, qoldirilgan boylikni nafaqat sarflash, balki ko‘paytirishga salohiyati yetganlari yoki o‘z aqli va tadbirkorligi ortidan pul ishlaydiganlari ham bor.

Keling, ularning ayrimlari bilan tanishamiz.

Fransuaza Bettankur-Mayyers, umumiy boyligi qiymati 57,6 milliard dollar (2020 y.)

 Fransuaza Bettankur-Mayyers 

Fransiyadagi L’Oréal kompaniyasining dong‘i jahonga ketgan. Jahon ayollarining pardozga sarflaydigan milliardlarining salmoqli qismi L’Oréal g‘aznasiga borib tushishi hech kimga sir emas. 2017 yilda aynan shu kompaniya aksiyalarining 33 foizini meros orqali qo‘lga kiritgan Fransuaza Bettankur-Mayyers xonim bugungi kunda qator reytinglar bo‘yicha dunyoning eng boy ayoli maqomini o‘zida saqlab turibdi.

1953 yilning 10 iyulida tug‘ilgan Fransuaza L’Oréal asoschisi Ejyen Shyullerning nabirasi,  Lilian Bettankurning yagona qizidir. Katta mablag‘ Fransuaza Bettankur-Mayyersga yirik xayriya ishlari bilan shug‘ullanish imkonini beradi. U har yili yosh olimlarning tadqiqotlarini moliyalashtirish uchun 250 mln yevro mablag‘ sarflaydi.

Elis Uolton — umumiy boyligi qiymati 53,2 milliard dollar (2020 y.)

Elis Uolton 

1949 yilning 7 oktyabrida AQShdagi eng yirik savdo tarmog‘i – «Walmart» asoschilari Semyuel Mur Uolton va Helen Robson Uolton oilasida tug‘ilgan Elis uch o‘g‘il Rob, Jim va Jon orasidagi yagona qiz edi. U Texasdagi Triniti universitetini muvaffaqiyatli yakunlaganidan so‘ng moliya va iqtisodiyot sohasida diplom oladi va oilaviy kompaniyada ishlay boshlaydi. Keyinchalik, 1988 yilda u o‘zining «Llama» moliyaviy kompaniyasiga asos soladi. Otasining o‘limidan so‘ng bankini yopadi va Texasdagi ranchoga jo‘nab, otlarni parvarishlash bilan shug‘ullana boshlaydi.

Qimmatbaho kartinalar kolleksioneri bo‘lgan Elis xonim tasviriy san'at yo‘nalishidagi xayriyalarni ham moliyalashtiradi.

Makkenzi Skott Bezos — umumiy boyligi qiymati 42,3 milliard dollar (2020 y.)

Jyef Bezof va Makkenzi Skott Bezos 

«Amazon» asoschisi, dunyoning eng boy odami Jyef Bezofning sobiq xotini Makkenzi Skott Bezos asosiy boyligini eri bilan ajrashish ortidan qo‘lga kiritgan. 16 yillik turmushdan keyingi ajrashish odatdagi mojarolarsiz, o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilgan va Jyef Bezofning o‘zi ixtiyoriy ravishda kompaniya aksiyalarining 4 foizini sobiq xotiniga bergan. Ammo arzimasdek tuyilgan mana shu 4 foiz Makkenzi xonimning eng yetakchi milliarderlardan biriga aylanishi uchun yetarli bo‘ldi. 2019 yildagi ajrimdan keyin xonim darhol boyligining yirik qismini, bir necha milliard dollarni turli xayriya loyihalariga yo‘naltirib yubordi va bu bilan ko‘pchilikning, jumladan sobiq erining olqishini oldi.

1970 yilning 7 aprelida tug‘ilgan Makkenzi xonim qator loyihalardan tashqari yozuvchilik bilan ham shug‘ullanadi.

Jaklin Mars — umumiy boyligi qiymati 31 milliard dollar (2020 y.)

 Jacqueline Mars

Amerikalik tadbirkor Jaklin Mars xonim - Mars, Incorporated qandolatchilik kompaniyasi asoschisi Franklin Marsning nabirasi, Forrest Marsning qizi. U 1939 yilning 10 oktyabrida Buyuk Britaniyada tug‘ilgan.

Mars oilasi AQShdagi eng nufuzli oilalardan biridir. 1911 yilda Vashingtonda Frank Klarense Mars o‘z xotini Edel bilan birga o‘zlarining ilk konfetlarini tayyorlab sotishgan va shu tarzda yirik qandolatchilik kompaniyasiga asos solingandi. Virjiniya shtatidagi MakLin shahrida faoliyat yurituvchi kompaniya eng barqaror va dunyo bo‘ylab taniqli kompaniyalardan biri hisoblanadi. Mars, Incorporated yirik aksiyadori Jaklin Mars 1973 yildan buyon direktorlar kengashi a'zosi hisoblanadi.  

Yan Xueyyan — umumiy boyligi qiymati 26,2 milliard dollar (2020 y.)

 Yang Huiyan

Xitoyning eng badavlat ayoli nomini egallab turgan Yan Xueyyan 1981 yilda o‘z biznesini fermerlik va oddiy quruvchilikdan boshlagan Yan Gotsyan oilasida tug‘ilgan. Juda uddaburon bo‘lgan janob Gotsyan o‘z davlatidagi ulkan bunyodkorlik ishlaridan foyda ola bilishni epladi va 1997 yilda hashamdor turar-joylar qurishga ixtisoslashgan Country Garden developerlik kompaniyasiga asos soladi. 2007 yilda kompaniya Hongkong fond birjasiga o‘z aksiyalarini chiqaradi va birdaniga 5 hissadorini milliarderga aylantiradi.

O‘sha yili ota o‘z qizi Yan Xueyyanga Country Garden kompaniyasining 70 foiz aksiyalarini hadya qiladi va Yan xonim darhol Xitoyning yetakchi millarderlaridan biriga aylanadi. AQShning Ohayo universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Yan xonim 2018 yildagi birja savdolari chog‘ida 4 kun ichida o‘z boyligini 2 mlrd dollarga ko‘paytirib olgani bilan ham mashhur bo‘lgandi.

Loren Pauell Jobs — umumiy boyligi qiymati 21,6 milliard dollar (2019 y.)

Loren Pauell 

Ko‘pchilik Loren Pauellni AQSh innovatsiyasi ramzi – Stiv Jobsning bevasi sifatida biladi. Chindan ham 1991-2011 yillarda Stiv Jobs bilan bir oila bo‘lgan Loren Pauellga erining o‘limidan keyin katta boylik qolgan. Ammo 1963 yilning 6 noyabrida tug‘ilgan xonimning o‘zi ham Emerson Collective kompaniyasi orqali qator loyihalarni amalga oshiradi. Muhojirlik, atrof-muhitga oid xayriyalar qiladi, yirik sarmoyalar bilan shug‘ullanadi. Lekin baribir boyligi asosida meros sifatida qolgan Apple kompaniyasining 5,5 mln dona aksiyasi va The Walt Disney Company kompaniyasining 7,3 foizlik ulushi turadi.

Syuzanna Klatten — umumiy boyligi qiymati 21,3 milliard dollar (2020 y.)

Syuzanna Klatten 

Nemis tadbirkorlari Herbert va Iohanna Kvandtlar oilasida tug‘ilgan Syuzanna Klatten bugungi kunda BMW kompaniyasining yirik aksiyadorlaridan biri va Germaniyaning eng boy ayolidir. 1962 yil 28 aprelda Bad-Homburg shahrida tug‘ilgan Syuzannaning Shtefan Kvandt, Silviya Kvandt, Sonya Kvandt-Vulf, Sabina Kvandt kabi aka-ukalari bo‘lishiga va ularning har bir meros olganiga qaramay aynan Syuzanna xonim o‘z aqli bilan boyligini keskin ko‘paytirishga erishgan. Ajdodlarining ikkinchi jahon urushi paytida fashistlarga qurol-yarog‘ yetkazib bergani tufayli bu xatoni tuzatish yo‘lida qator xayriyalar o‘tkazadi.

Rus xonimlar

Yelena Baturina va Tatyana Bakalchuk
 

Milliarder xonimlar orasida ruslar ham bor. Jumladan, 2020 yilning 20 fevral kuni Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkovning bevasi, Rossiyaning uzoq yillik yetakchi milliarder xonimi Yelena Baturina birinchilikni Tatyana Bakalchukka bo‘shatib berdi. Aynan shu sanada onlayn savdolar bilan shug‘ullanuvchi Wildberries kompaniyasi asoschisi va yagona egasi Bokalchukning boyligi qiymati 400 million dollarga ko‘payib, 1,4 milliard dollarga yetdi va u 1,2 milliardlik boyligini ko‘paytira olmagan Baturinani ortda qoldirdi. E'tiborli jihati, Wildberries kompaniyasi 2019 yil davomida o‘z aylanma mablag‘larini 88 foizga oshirishga erishgan .

Qiziqarli ma'lumot: Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan an'anaviy Davos iqtisodiy forumi tadqiqotlariga ko‘ra, 2020 yilning 20 fevral holatida 2,1 ming nafar milliarderlarning umumiy boyligi dunyoning 60 foiz aholisini tashkil qiluvchi 4,6 mlrd odamning boyligidan ko‘proqligi ma'lum qilingan.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz