07:23 Dunyoning eng keksa kishilaridan biri uzoq yashash sirlarini oshkor qildi | |
Yaponiyada yashovchi Titesu Vatanabe keksa insonlar orasidagi eng uzoq umr ko‘rayotgan erkak sifatida e’tirof qilindi. Bu haqda “Ginness rekordlar kitobi” saytida xabar berilgan. “Ginness rekordlar kitobi” vakillari ayni vaqtda 112 yilu 345 kunlik Vatanabeni gerontolog tadqiqotchilar guruhi o‘tkazgan tekshiruvdan keyin yer yuzidagi eng keksa erkak deb topgan. Otaxon jurnalistlar bilan suhbatda uzoq yashash sirlarini oshkor qildi. U ko‘proq tabassum qilish va bo‘lar-bo‘lmas narsaga asabiylashmaslik zarurligini ta’kidladi. Vatanabe 1907-yil 5-martda Niiagata prefekturasining Zyoetsu shahrida fermerlar oilasida tug‘ilgan. U qishloq xo‘jaligi bilim yurtini tugatganidan so‘ng Tayvanga ketgan va u yerda shakarqamish yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyada ishlagan. 18 yil davomida ushbu orolda yashagan Vatanabe bu yerda uylangan, oila qurganidan keyin to‘rt nafar farzand ko‘rgan, bir necha yillardan keyin beshinchi bolasi ham tug‘ilgan. Ma’lum vaqt davomida harbiy xizmatni ham o‘tagan, Ikkinchi jahon urushi davrida Tinch okeanidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Urush tugagach, Vatanabe ham yurtiga qaytgan. Rafiqasi urushdan keyin Yaponiyada non topish juda qiyin ish bo‘lganini aytardi. Shunga qaramay er-xotin omon qolib, besh nafar farzandni birga ulg‘aytirgan. Vatanabe 1974-yilda nafaqaga chiqqan. O‘g‘li bilan birga shahar tashqarisida uy-joy qilib, u yerdagi ekin maydonchasida katroshka, pomidor kabi poliz ekinlari hamda qulupnay va olxo‘ri singari mevalarni yetishtirgan. Shuningdek, u 100 dan ortiq bonsay daraxtlarining nihollarini ekkan. U ayni vaqtda qariyalar uyida hayot kechiradi. Sog‘lig‘idagi muammolar tufayli faol hayot tarzini olib bora olmaydi. 2019-yil yoziga qadar har kuni jismoniy mashqlar bajarish bilan birga kalligrafiya va origami amaliyotini o‘tkazar, matematik masalalarni yechar edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda yaponiyalik Dziroemon Kimura (116 yoshu 54 kunlik) dunyodagi eng keksa erkak hisoblanadi. Yaponiyalik Kane Tanaka esa eng keksa ayol, u 117 yoshdan oshgan. Ayolning yoshi rasman hujjatlar bilan tasdiqlangan. Butun dunyoda tan olingan uzoq umr ko‘rish bo‘yicha rekord fransiyalik Janne Kalmanga tegishli, u 1997-yilda 122 yoshu 164 kunlik vaqtida vafot etgan. Ayrim tadqiqotchilar uning yoshi borasida shubhalar borligini bildirib keladi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|