Главная » 2018 » Июнь » 10 » Energetik ichimliklar jigar xastaliklarini keltirib chiqarishi aniqlandi
01:01

Energetik ichimliklar jigar xastaliklarini keltirib chiqarishi aniqlandi


Jurnalist Inna Akkermanseva energetik ichimliklarning zarari to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Energetik ichimlikning bir bankasi 1 litrlik sharbat yoki 1,5 litrlik gazlangan suvdan qimmat turadi. Kamdan-kam holatlarda ota-onalar farzandlariga kundalik xarajatlari uchun 20-30 ming so‘m beradi. Demak, 3-4 ta banka energetik ichimlik sotib oladigan bola buni ota-onasining ruxsatisiz qiladi yoki ular bergan pullarni sarflagan bo‘ladi. Kofein bilan zaharlanish (intoksikatsiya) katta yoshli odamlardan ko‘ra bolalarda kuchliroq namoyon bo‘ladi. Bu haqda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarigina bong urayotgani yo‘q, 10 yil ilgari energetik ichimliklar Yevropaning qator mamlakatlarida taqiqlangan.

Bizning tibbiyot xodimlarimiz ham xavotirga tushishni boshladi. May oyi oxirida Facebook’dagi “Vrachi Tashkenta” guruhida bir shifokorning xavotirli postini o‘qidim: “Bunday ichimliklarni doimiy ravishda ichish gepatit, keyinchalik esa jigarning sirrotik o‘zgarishlariga olib keladi. Multispiral kompyuter tomografiyasi natijalarini o‘rganganimda shuni bildimki, ko‘plab yoshlarda jigar xastaligi kuzatiladi. Biokimyoviy tahlil natijalariga ko‘ra esa jigar fermentlarining noto‘g‘ri faoliyati aniqlanmoqda. Bularning hammasi energetik ichimliklarni ichish natijasidir. Nima uchun biz yoshlar o‘rtasida energetik ichimliklarni ichishning zarari haqida profilaktika va tushuntirish ishlarini olib bormaymiz.

Kimlardir energetik ichimlikning bir bankasidan ko‘ra bir finjon qahvada kofein miqdori ko‘proq degan fikrlarni keltirishi mumkin. Ha, aslida har qanaqa ichimlikdan ham zaharlanish mumkin, hamma gap uning miqdorida. Ushbu mavzuning ijtimoiy tarmoqdagi muhokamasida shifokorlardan biri shunday yozadi: “Men tajribam davomida bolalar asab tizimiga energetik ichimliklarning zaharli ta’sirining guvohi bo‘lganman. Axir ayrim maktablarda bu ichimliklar sotiladi”.

Oliy toifali shifokor, Toshkent shahar 1-sonli bolalar klinik shifoxonasi nevropatologi Sevara Raupova mavzu bo‘yicha savollarga javob berdi

– Sevara Omonovna, bola organizmida kofeyin miqdorining ortib ketishi qanday ro‘y beradi?

– Bu holatda bolada gallyutsinatsiya, ataksiya, taxikardiya, nutqning o‘zgarishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi kuzatiladi.

Tajribamdan bir voqeani keltirsam: 15 yoshli o‘g‘il bola shifoxonaga keltirildi. Bola ota-onasini tanimay qolgan, fikrlashi va harakatlarida sustlik kuzatilgan, undan hech qanday savolga javob olib bo‘lmas edi. Anamnez jarayonidan keyin bola 8 banka energetik ichimlik ichgani aniqlandi. Bemor shifoxonaning toksikologik bo‘limiga yotqizilgan.

Yana bir misol: 13 yoshli qiz somatonevrologiya bo‘limiga nutq o‘zgarishi, bosh aylanishi va og‘rishi belgilari bilan yotqizilgan. Zaharlanishni davolashga qaratilgan 5 kunlik muolajalardan keyin bolaning ahvoli yaxshilandi. Bemorning uch banka energetik ichimlik ichgani va ularni bolaga onasi sotib olgani aniqlandi.

– Bolalardagi qaysi kasalliklar vaqtida energetik ichimliklarni ichish taqiqlanadi?

– Men bunday ichimliklarni ichishni umuman tavsiya qilmagan bo‘lardim.

– Qanday belgilar bolaning energetik ichimlikdan ortiqcha ichganini bildiradi?

– Ota-ona bolaning o‘zini tutishidagi o‘zgarishlardan xavotirga tushishi kerak.

– Bemorga uy sharoitida qanday birinchi yordam ko‘rsatish mumkin?

– Ota-ona tomonidan ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan birinchi yordam bolaning qon bosimini o‘lchash, ko‘p miqdorda suyuqlik (suv, ko‘k choy) ichirish, “Laktofiltrum” tabletkasini berish, shuningdek, imkon boricha tezroq shifokorga murojaat qilish kerak. Mustaqil davolash bilan shug‘ullanmang, bu holat yomonlik bilan tugashi mumkin.

Inna Akkermanseva, jurnalist


Manba: "daryo.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: Energetik ichimliklar, jigar xastaliklari | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz