09:31 Eron Ukraina samolyoti tasodifan urib tushirilganini tan oldi | |
Eron rasmiylari Tehron yaqinida «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari»ning samolyoti «tasodifan» urib tushirilganini xabar berishdi. Bu haqda shanba kuni Associeted Press va Reuters axborot agentliklari Eron rasmiylarining mahalliy televideniye orqali tarqatilgan rasmiy bayonotiga asoslanib ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, fojiaga «inson omili» sabab bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, sodir bo‘lgan voqea uchun aybdorlar javobgarlikka tortiladi. Eron qurolli kuchlari rahbariyati aviahalokatda halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Keyinchalik ISNA agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotda bildirilishicha, Tehron osmonidagi fojia AQSh tomonidan raketa hujumlari tahdidi va Eron chegaralari yaqinida AQSh harbiy aviatsiyasining parvozlari ortishi fonida sodir bo‘lgan. 8 yanvar kuni ertalab, Ukraina aviayo‘nalishlarining samolyoti Tehron aeroportidan parvozga ko‘tarilganidan keyin bir muncha vaqt o‘tib halokatga uchradi. Samolyot bortida jami 176 yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan to‘qqiz nafari ekipaj a'zolari edi. Halokat natijasida barcha insonlar halok bo‘ldi. Bir qator Yevropa mamlakatlari, shu jumladan, Ukraina ham samolyotga raketa zarbasi berilgani haqidagi versiya mavjudligini inkor etmadi. Shu bilan birga, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shuningdek, AQShning qator ommaviy axborot vositalari razvedka xizmati va Oq uydagi manbalarga tayanib, Eron raketasi samolyotni tasodifan urib tushirgan bo‘lishi mumkinligini istisno etishmadi. Tehron dastlab bunday taxminlarni rad etib, dvigatel avariyaga sabab bo‘lganini ta'kidladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|