23:15 Eronlik yadrochi olimning o‘ldirilishi tafsilotlari ma'lum qilindi | |
Eronlik yadrochi olim, 27 noyabrdagi hujum oqibatida halok bo‘lgan Muhsin Faxrizoda zirhli mashinada harakatlangan, biroq u mashinadan chiqqanda masofadan boshqariluvchi avtomatik quroldan o‘qqa tutilgan. Bu haqda Fars axborot agentligi xabar berdi.Ta'kidlanishicha, olim o‘ziga suiqasd qilingan vaqtda rafiqasi bilan Eron shimolidagi Rustamko‘l shahridan (Mozandaron viloyati) Tehron viloyatidagi Absard shahri tomon yo‘nalayotgan bo‘lgan. Unga uchta mashinada soqchilar hamrohlik qilgan. Eskortdagi birinchi mashina yo‘ldagi vaziyatni tekshirish uchun biroz oldinlab ketgan. Shundan keyin Faxrizodaning e'tiborini avtomobiliga tekkan o‘q ovozlari tortgan. Olim bu ovozlarni dvigateldagi yoki yo‘ldagi muammolar deb o‘ylab, nima yuz berganini ko‘rish uchun mashinadan chiqqan. Shunda unga 150 metr narida turgan Nissan avtomobili ichida o‘rnatilgan masofadan boshqariluvchi avtomatik quroldan o‘t ochilgan. So‘ngra mashina portlatib yuborilgan. Qotillik tashkilotchilari voqea joyida bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, olimga 4ta o‘q tekkan. Jumladan, ikkita o‘q olimning biqiniga, bittasi orqasiga tekkan. Buning oqibatida olimning orqa miyasiga shikast yetgan. Faxrizoda tansoqchilaridan biri tomonidan panalangan. Tansoqchiga ham bir nechta o‘q tekkan. Shundan keyin olim shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan. Ma'lum qilinishicha, hujum 3 daqiqacha davom etgan. Voqea joyida Faxrizoda va uning tansoqchilaridan boshqa hech kim bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, Nissan egasi mamlakatni 29 oktyabrda tark etgan. Eron rahbariyati ushbu hujumda Isroil maxsus xizmatlarini ayblamoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|