21:16 “Евровидение” Kievdan Berlinga ko‘chirilishi mumkin | |
Rossiyalik mashhur prankerlar Aleksey Stolyarov (Leksus) va Vladimir Kuznesov (Vovan)lar bu safar Yevropa uzatish ittifoqi bosh direktori Ingrid Deltenreni chuv tushirdi. Uning so‘zlariga qaraganda, Yevrovidenie Kievdan Berlinga ko‘chiriladi, deb xabar berdi Tvzvezda.ru nashri. Prankerlar Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman nomidan qo‘ng‘iroq qilib, ittifoqda rossiyalik xonanda Yuliya Samoylovaning mamlakat hududiga kirishi taqiqlangani uchun Ukrainani jazolash masalasi ko‘rilayotgani rost yoki yolg‘onligini bilish to‘g‘risida savol bilan murojaat qildi. Deltenre rossiyalik xonandaning tarafini oldi. “Tanlov o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan har bir mamlakat Yevrovidenie qonun-qoidalariga rioya etishi lozim, yuqoridagi holatda qonun buzilmoqda. Birinchidan, Samoylova Qrimda bo‘lganda, Yevrovidenie vakili hisoblanmagan. Ikkinchidan, tanlovda ishtirok etib bo‘lgandan keyin Ukraina hukumati unga nisbatan yana taqiqni qo‘llashi mumkin”, dedi Deltenre. U Kievning xalqaro tanlov o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘lishi, tanlov Berlinga ko‘chirilishi mumkinligini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni Ukraina hukumati rossiyalik xonanda Yuliya Samoylovaning mamlakat hududiga kirishini taqiqlab, uni “qora ro‘yxat”ga kiritgan edi. Bunga uning 2015 yilning yozida Qrimdagi konsertda ishtirok etgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|