12:54 Farg‘onada 19 yoshli qiz koronavirus yuqtirdim deb vahima ko‘tardi | |
Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, shu kuni mazkur poliklinikaga 2001-yilda tug‘ilgan Farg‘ona shahridagi go‘zallik salonlarining birida faoliyat ko‘rsatuvchi xodim — X.D. tana haroratining oshishi, tomoq og‘rishi shikoyati bilan murojaat qilgan. U belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ammo bemor o‘z shikoyatlarini bayon qila turib, yaqinda Rossiyada bo‘lib qaytgan fuqaro bilan muloqotda bo‘lganini aytib, barchani vahimaga solgan. Bu esa ko‘pchilik o‘rtasida asossiz mish-mish tarqalishiga ham sabab bo‘lgan. “Shundan so‘ng belgilangan tartibda poliklinika ma’sul xodimlari tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shtabiga xabar berilgan. Ko‘rilgan tezkor tadbirlar va ehtiyot choralari natijasida bemorga zudlik bilan maslahat guruhi yuborilib, epidemiologik anamnezi to‘liq o‘rganilib, profilaktik nuqtayi nazardan yuqumli kasalliklar shifoxonasi izolyatoriga yotqizilgan. Koronavirusni aniqlash uchun PZR usulida tekshirish uchun surtma olindi. Shu bilan birga, uning oila a’zolari ham qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan”, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bemordan 20-mart kuni viloyat SEO virusologiya bo‘limi xodimlari tomonidan PZR usulidagi 197-sonli olingan tahlil xulosasiga ko‘ra, unda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. “Shu o‘rinda fuqarolarimizdan yana bir bor asoslanmagan xabarlarga, turli mish- mishlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi vazirlik xabarida. Eslatib o‘tamiz, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 million 600 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|