Главная » 2017 » Январь » 15 » Folbinga ishongan ahmoq!
08:57

Folbinga ishongan ahmoq!


Umrim bino bo‘libdiki, folga ishonmaganman. «Fol» so‘zini teskari o‘qing, qanchalik qo‘shib gapirishlarini tushunasiz-qo‘yasiz. Xotinim esa qaerda biror folbinni eshitsa, borib fol ochtirib keladi. Bora-bora uning hayotida fol uchun mavzuning o‘zi qolmadi. Bir kuni mo‘ylovli folbin ayol: «Iltimos, hayotingizda biror voqea bo‘lmaguncha, bir oycha kelmay turing, kelinjon» desa ham, sabri chidamay uch kundan so‘ng lo‘killab boribdi. Qattiqroq yo‘talgandim. «Erim kecha yo‘taldi, shunga fol oching», demoqchi bo‘lgan-da. Bilasiz, folbin zotiga ma’lumotlarni jinlari yetkazib turadi. Jinlar xotinimni uzoqdan tanib, «Ie, anavi befarosat yana kelayapti! Bir haftadan keyin o‘lasan devoraylik! Balki shu bilan qutularmiz!», deyishibdi…

Ishdan qaytsam, xotin to‘shakda yotibdi. «Kunim bitdi, dadasi! Niyatingizga yetib, boshqa xotin olasiz-ov!» deb diydiyo qildi. Men ham soddaman-da. «Xotinim o‘lsa, kimga uylansam ekan?» deb o‘ylashga tushib ketibman.

– Folbin aytdi, bir haftadan keyin o‘larkanman! Bu kishimning xayol surishini! – deb ho‘ngrab yig‘ladi. «Tez yordam» chaqirdim. Do‘xtir yigit tekshirdi. Isitmasi yo‘q, qon bosimi me’yorda, ko‘zlari ham joyida. Dardning «d» harfi ham yo‘q.

– SHifoxonada, do‘xtirlarning ko‘z o‘ngida bo‘lib turaman, – dedi xotin shunda ham ko‘ngli joyiga tushmay. – Folning muddati tugasin, keyin hech narsadan qo‘rqmayman.

Menga ham shu kerak edi. «Yotsa yota qolsin, qulog‘im tinchiydi», dedim o‘zimcha. Biroq ertasiga o‘ylanib qoldim. La’nati folbinlarning bashorati rost chiqsa-ya! SHo‘rim qurib qoladi-ku, deb shifoxonaga chopdim. Xotinim bilan tirikligida vidolashib qolay, dedim-da.

– Kaftingizni tuting, akovsi, sizga fol keldi! – dedi yo‘lda bir lo‘li xotin.

Qo‘limni tutgandim, kaftimning chiziqlariga qarab dedi:

–  «Dushanba kuni yoringiz sizni tark etadi. Seshanba siz uchun omadli kun. CHorshanba kuni qabristonga bormang. Payshanbada sevgan insoningizni uchratasiz. Juma kuni xushxabar eshitasiz! Xotiningiz qo‘chqordek o‘g‘il tug‘adi! Endi xizmat haqimga bankka boradigan yo‘lni ko‘rsatib yuboring, akovsi, pullarimni «konvertasiya» qilishim kerak.

Birovning kaftidagi chiziqdan kelajagini biladigan, ammo yo‘l chetidagi belgilarga qarab uch yuz qadam naridagi bankni topolmaydigan folbin  hayotimda qanday voqealar ro‘y berishini shu tariqa bashorat qilgan edi. Lo‘liga ishonsam, dushanba kuni xotinim qulasa, seshanba kuni omadim chopadi, chorshanba arvoh quvlamasligi uchun qabriston yonidan taksida o‘taman. Eng qizig‘i, payshanba kuni bittasini uchratsam, ertasiga u bolalaydi.

«Yo alhazar! Ne kunlarga qoldim!» deb shifoxonaga yetgan edimki, miyamga dahshatli o‘y urildi. «To‘xta! – dedim o‘zimga. – Kelgusidagi hayotingni juma kunigacha bilding. SHanba va yakshanba-chi?»

Taksi to‘xtatib, mo‘ylovli folbin xotinnikiga olib borishni buyurdim. Folbin: «Baxtingdan ochaymi, taxtingdan?» degandi, «Yaxshisi, shanba-yakshanba kunidan ocha qoling», dedim. «Ko‘zimga chaqaloq ko‘rinayapti, shanba kuni ertalab tug‘iladi…» deya folni boshlagan edi, «He, yo‘q, ikkinchi xotinim juma kuni tug‘adi, shanba kuni yana tug‘ib, tovuq emas-ku!» deb achchiqlandim. «U holda birinchi xotiningiz tug‘ar balki?» dedi folbin ham jahllanib. «Qo‘ysangiz-chi, mo‘ylovli opa, birinchi xotinim dushanba kuni o‘ladi-ku! Yakshanba kuniga qarang-chi, nima voqea bo‘larkan?»

Folbinning jinlari meni ham tanib qoldi. «Bu er-xotindan qutulmas ekanmiz-da» deb arizalarini yozib, folbindan bo‘shab, Ko‘hi Qofga, qarilik gashtini surishga jo‘nab ketishdi. Jinsiz qolgan folbin ko‘zlarini ola-kula qilib shivirladi:

– Uka, yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botadi, ehtiyot bo‘ling, xo‘pmi?

SHifoxonaga shamoldek uchdim. Xotinim bilan yig‘lab ko‘rishib, folchilarning bashoratlarini so‘zlab berdim.

– Boshingga fol yetdi, xotin! – dedim ko‘z yoshlarimni tiyolmay. – Folsiz tinchgina yashab yurgandik-ku! Endi payshanba kuni uylanib, juma kuni farzandli bo‘laman. Bu ham yetmagandek yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botarmish! Senga shu kerakmidi, xotin?! Alvido! Sendan roziman!

Xotinim karavotidan sakrab tushib, gapira ketdi.

– Dadasi, shularga ham ishondingizmi? Mana, men tirikman-ku! Folchilarga ishonmay men o‘lay!

Folchilar bashorat qilgan hafta qurbonsiz, tinch o‘tdi. Hafta oxirida faqat bitta fol haqiqatga aylandi: yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botdi.

Aziziy


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: ahmoq, ishongan, Folbin | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz