19:14 Fotih Jalolov: «Bugun arizamni yozdim» | |
«O‘zbekfilm» rahbari Fotih Jalolov «O‘zbekkino» rahbari ustidan yozilgan shikoyat xatiga imzo chekkani uchun uning jamoasi 4 oydan beri oylik ololmayotgani, ishdan ketish haqida ariza yozgani haqida gapirdi, deb xabar barmoqda «Daryo». «Bir hafta-o‘n kundan beri jamoaning ko‘ziga qaray olmay qoldim. Biror ishni qilinglar, deyishga ham tilim bormaydi. Bu yerda 140 nafarga yaqin kishi ishlaydi. O‘tgan yili bir amallab chidadik. Bu yil ham chidashyapti. Lekin ularning har birida oilasi bor. Fevral oyidan beri oylik olishmaydi. «O‘zbekfilm» davlat buyurtmasini qiladigan joy. Film bo‘lsa, pul tushadi. Umumiy studiya xarajatlaridan xodimlarga oylik beriladi. Bu dargoh «O‘zbekkino» tizimidagi joy. Tizimga bee’tibor bo‘lish, o‘z farzandini o‘zi ko‘mishi yaxshilikka olib kelmaydi. Shu paytgacha bunaqa holatni ko‘rmaganman. Buning, ya’ni xodimlarimning oylik ololmayotganiga asosiy sababchi menman. Rahbar (Firdavs Abduxoliqov nazarda tutilmoqda - tahr.) bilan oxirgi gaplashganimizda u yuzimga «siz mening ustimdan xat yozgansiz, xatga qo‘l qo‘ygansiz», dedi. Bu ishga bir yildan oshdi. Xatga 109 kishi qo‘l qo‘ygan. Ularni men majburlab, qo‘l qo‘ydirmaganman. O‘z xohishlari bilan qo‘l qo‘ygan. Rahbarni o‘g‘riga chiqarmaganmiz xatda. Shu xodimlarni sal e’tiborga olaylik, degan maqsadda xat yozilgan. Xo‘p, men xat yozganman, qo‘l qo‘ygandirman, shuning uchun xodimlarga oylik berilmasligi kerakmi?.. «O‘zbekfilm»ning 70 nafar xodimi ham qo‘l qo‘ygan, siz ularni uyma-uy yurib, qo‘l qo‘ydirgansiz, bosh bo‘lgansiz, shuning uchun «O‘zbekfilm»ga hech narsa yo‘q, dedi. Nima uchun meni deb butun «O‘zbekfilm» qora kunlarni boshdan kechirishi kerak? Menga bog‘liq bo‘lsa, bu yerdan ketganim yaxshi emasmi, degan fikr keldi. Bugun arizamni yozdim. Bitta meni deb butun boshli «O‘zbekfilm» aziyat chekishi kerak emas. Aktyorligim bor, rejissyorligim bor, juda bo‘lmasa, fermer xo‘jaligim bor. Agar men ketsam, shu yerda ish yaxshilanib ketsa, men faqat xursand bo‘laman», — dedi Fotih Jalolov. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili bir guruh kino namoyondalari «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori ustidan hukumat rahbariga shikoyat qilgandi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|