17:44 «Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi» — Alisher Sultonov | |
Hozirgi gaz hajmi uchta O‘zbekiston uchun yetarli, deya ma’lum qildi energetika vaziri Alisher Sultonov. U aholi energiya manbalariga oqilonalik bilan munosabatda bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 95 million aholisi bo‘lgan va ishlab chiqarish rivojlangan Turkiya ham, 35 million aholisi bo‘lgan O‘zbekiston ham yiliga 45 milliard kubometr gaz iste’mol qiladi, deb yozmoqda «Gazeta.uz». O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Vazir ayrim hududlarga gaz quvurlari yotqizilgan taqdirda ham gaz yetib bormasligi, boisi bosim yo‘qligini ta’kidladi. «Quvur kelgani bilan gaz kelmaydi. Chunki bosim yo‘q miqdor bo‘lgani bilan. Bu — tizimli muammo. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan ham, mentalitet, dunyoqarash nuqtai nazaridan ham», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda yirik turk kompaniyasi rahbari bosh vazir Abdulla Aripovga O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq katta muammolar mavjudligini ma’lum qilgan. «U shunday deyapti: «Turkiya davlatida ishlab chiqarish, sanoat rivojlangan, bularning barchasi energiya resurslarini talab qiladi. Bizning aholimiz 95 million. Ularning ham yashashi yaxshi, hech kim qishda sovuqda o‘tirmaydi. Biz 95 million aholi va rivojlangan sanoat bilan yillik 45 mlrd kub metr gaz iste’mol qilsak, O‘zbekiston 35 million aholi bilan 45 mlrd kub metr gaz iste’mol qilmoqda», — deya turkiyalik tadbirkorning so‘zlarini keltirdi energetika vaziri. Alisher Sultonovning ta’kidlashicha, hozirgi kundagi mavjud gaz zaxiralari: «Uchta O‘zbekistonni boqa oladi». «Shuning uchun «energosamaradorlik» bizning yillar davomidagi asosiy shiorimiz bo‘lishi kerak. Eng asosiy islohotimiz, bu — energiya tejamkorligi. Bu narsani kichkina bolachaning miyasiga: tishingni tozalayotganda suvni o‘chirib qo‘y, xonadan chiqayotgan chiroqni o‘chir, kabilarni singdirib qo‘ysak… Oddiy misollar. Chunki buning ichida juda ham ko‘p narsa bor. Buning ichida ishlab chiqarishning ham energotejamkorligi bor. Hozirgi kunda 90 foiz, mayli 70 foiz ishlab chiqarishda energotejamkorlikka javob bermaydigan uskunalar o‘rnatilgan, eski-eski. O‘shani hozir modernizatsiya qiladigan bo‘lsak, yangisini quradigan bo‘lsak, 2−3−4 barobargacha energiyani kam ishlatadi. Bu jarayon boshlandi», — dedi u.
Manba: "xabar.uz"
| |
|