21:22 Hamkasblar bilan munosabatlarning yomonlashishiga sabab bo‘luvchi 10 odat | |
Ishdagi muhitning “buzilishi”, hamkasblar ko‘ziga yomon ko‘rinib qolishning oldini olish uchun quyidagi odatlardan voz kechgan yaxshi. Gigiyenaga rioya qilmaslik Gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik yoki aksincha, atirni haddan ortiq sepib olish atrofdagilarga yoqmasligi tabiiy. Shu sabab ham uydan chiqayotganda sizdan yomon hid anqimayotgani va o‘tkir atir ifori boshqalarni asabiylashtirmasligiga amin bo‘ling. Aksariyat hollarda yomon hid anqishiga terlash emas, vaqt o‘tishi bilan ko‘payadigan bakteriyalar sabab bo‘ladi. Bu muammoni bartaraf qilishda esa dush qabul qilish yaxshi samara beradi. Qolaversa, kiyimlarning toza va yuvilgan bo‘lishiga e’tibor qarating. Hidi chiqadigan taom yoki yegulikni ish joyida iste’mol qilish Sarimsoqli, piyozli taom yoki kabob yegandan keyin hamkasblar nima uchun sizga o‘qrayganiga hayron bo‘lib yurmang. Xonaga tarqaganidan tashqari, ovqat hidi kiyimga ham o‘tirib qolishi mumkin. Qolaversa, parhez tutayotgan, tushlik qilishga ulgurmagan hamda gastriti bor hamkasblaringiz sizni bu qilmishingizdan keyin xursand bo‘lmasligi aniq. Shu sababdan ham tashqarida ovqatlanib keling, vaqtingiz bo‘lmasa, hidi chiqmaydigan yegulikni boshqa xonaga chiqib, yeb oling. Tartibsizlikka sabab bo‘lish Yuvilmagan idishni rakovinada, buyumlarni stol ustida qoldirib ketish, umuman, tartibsizliklarga sabab bo‘lish yaxshi emas. Ko‘pchilik bor joyda narsalarni tashlab ketib, muammolarga sabab bo‘lmang. Hamkasblarga teginish Quchoqlash, barmoq bilan teginish va shunga o‘xshash holatlar hech kimga yoqmasligi aniq. Teginish tugul, haddan ortiq yaqin kelish ham kimlarningdir o‘zini noqulay his qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zboshimchalik bilan harakat qilmang, kimningdir yelkasi chang bo‘lgan taqdirda ham shoshqaloqlik qilib, yordam bermasdan bu haqda o‘sha odamning o‘zini ogohlantirib qo‘yganingiz yaxshi. Kimdir so‘ramasa ham shaxsiy ma’lumotlar bilan bo‘lishish Suhbatdoshiga yoqish-yoqmasligi, uyalayotgani yoki qizarayotganiga qaramay, jag‘i tinmaydigan odamlar yo‘q emas. Vaziyat taqozosi bilan har kuni biron kishi yoki kishilar guruhi bilan duch kelish, ular bilan qadrdon yoki yaqinlikni bildirmaydi. Ish, o‘qish bilan bog‘liq yoki boshqa tasodifan duch kelgan odamlar vaqt sinovidan o‘tmagan va har ikki tomonda samimiy munosabat bo‘lmasa, o‘ziga haddan ortiq yaqin olib yubormaslik kerak. O‘zini kasalga solish, chorasiz ko‘rsatish Boshqalar ishlayotgan bir vaqtda vazifani kamroq bajarish uchun o‘zini kasalga solish yaxshi emas. O‘zi umuman biron kamchilik yoki muammo sabab o‘zini chorasiz ko‘rsatish, oqibatda munosabatlarning yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, avvaliga siz yoki hamkasblaringiz shunday kishiga yordam berishga harakat qiladi. Ammo o‘sha kishi atrofdagilarning rahmini keltirishi va bundan foydalanishini bir kun kelib tushunib yetish hafsala pir bo‘lishiga olib keladi. Odamlar yalqovlik yoki ishning birovning yelkasiga yuklab qo‘yilishini kechirishi mumkin, ammo o‘zlarining ahmoq qilingani va rahmdilligidan foydalanilganini kechira olmaydi. Kasal holda ham ishga kelish Tana harorati ko‘tarilgan bo‘lsa ham ishga kelgan odam o‘zi uchun qahramondir, lekin boshqalar ko‘z o‘ngida virus tarqatadigan kasallik manbayi bo‘ladi. Havo tomchi yo‘li bilan tarqashi mumkin bo‘lgan kasallikka chalingan bo‘lsangiz, yaxshisi davolanmaguncha ishga bormang. Telefon ovozini o‘chirib qo‘ymaslik Xonadan chiqib ketgan hamkasb telefonining tinmay jiringlashi boshqalarning ish jarayoniga ta’sir qilmay qolmaydi, asabiylashishiga sabab bo‘ladi. Shu sabab ham jamoat joyida telefonni ovozsiz rejimga qo‘yib qo‘yish yoki uni cho‘ntakda olib yurish kerak. Shaxsiy masalalarni telefonda muhokama qilish Hamma o‘tirgan joyda telefonda gaplashish odamlarni ishdan chalg‘itadi, qolaversa, shaxsiy gaplarni hammaning oldida gaplashish dardni dasturxon qilish bilan barobar. Ish vaqtida ish bilan mashg‘ul bo‘lish, shaxsiy muammolarni esa ishdan tashqarida muhokama va hal qilish kerak. Musiqaning ovozini baland qilib eshitish Musiqani baland ovozda eshitish boshqalar diqqatini to‘plashga xalal berishi mumkin. Shu sabab ham o‘zingizga yoqqan musiqani yaxshisi quloqchinda eshiting.
Manba: "daryo.uz"
| |
|