13:45 «Hammasi oddiy». Xitoy epidemiyani qanday jilovladi? | |
Xitoyda istiqomat qiluvchi, asli italiyalik spiker va yozuvchi Mario Kavolo hukumat qanday qilib koronavirusni qisqa vaqtda jilovlay olgani bo‘yicha shaxsiy kuzatuvlari bilan o'rtoqlashdi. «Xitoyda 21 yildan beri yashayotgan shaxs sifatida, mamlakat qanday qilib epidemiyani nazoratga olganini aytib bermoqchiman. Xitoyda yangi kasallanish holatlari aniqlanmayotgani, boshqaruv kuchlari virus ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganining boisi – aksariyat provinsiyalarda kasallanish holatlari 100dan kam bo‘lganda ham ular to‘liq izolyatsiya qilingan edi. Ko‘chada har bir kishi, mutlaqo hamma niqobda. Bu ixtiyoriy emas, majburiy tarzda amalga oshirildi. Juda jo‘n ko‘ringani bilan bu asosli sabab. Birgina misol. Men yashaydigan Lyaonin provinsiyasida 89ta kasallanish holati aniqlanganda ham butun provinsiya yopilgan, to‘liq nazorat o‘rnatilgan edi. Jamoat transportlari, savdo do‘konlari, ofislar, ta'lim muassasalari – barchasi hech bir istisnosiz yopildi. Birlamchi zarurat bilan eng yaqindagi oziq-ovqat do‘koniga chiqqaningizda ham tana haroratingiz o‘lchanadi, sizning marshrutingiz haqida ma'lumot beruvchi QR-kod skanerdan o‘tkaziladi. Bu kodda shaxsning qayerda, qachon bo‘lganini ko‘rsatuvchi ma'lumotlar saqlanadi. Agar unda keyinchalik COVID-19 aniqlangudek bo‘lsa, kimlar bilan muloqotda bo‘lgani shu orqali osongina aniqlanadi. Bu virusning epidemiologik marshrutini tiklash uchun yordam beradi. Uyda esa o‘z hayotingiz bilan yashaysiz. Farzandlar ta'limi, masofaviy ish... O‘rnatilgan tartibga hamma qat'iy rioya qildi. Butun mamlakat bo‘yicha barcha provinsiyalar, hech bir istisnosiz. Aholi hukumat qil degan ishni qildi. Vaziyat og‘irlashishini kutmadi. Bu fuqarolik mas'uliyati xolos. Sen o‘zing yashayotgan jamiyat uchun qayg‘urishing, uning salomatligi uchun mas'uliyatni his qilishing kerak. Chunki sen ham shu jamiyatning bir bo‘lagisan, shu jamiyatda nafas olyapsan. Fevral oyi yakunidayoq aksariyat provinsiyalarda kasallanish ko‘rsatkichi nolga tushgan edi. Shunga qaramay, barcha kuzatuv va nazorat kuchlari o‘z o‘rnida saqlab qolindi. Yangi kasallik holati aniqlanishi bilan ular zudlik bilan ishga tushiriladi. Bu – mamlakatda kasallikning yana avj olib ketmasligini kafolatlaydi. Butun mamlakatda «Green Health QR code» (Yashil salomatlik QR-kodi) tizimi ishlaydi. Har bir fuqaroning smartfonida bu ilova o‘rnatilgan. QR-kod salomatligingiz haqida ma'lumot beradi. Jamoat joylarida yurganingizda kod skaner qilinadi. Agar kod sariq holatda bo‘lsa, siz odamlar to‘planadigan joyga kira olmaysiz. Mabodo kod qizil bo‘lsa, uyda qat'iy karantinda bo‘lishingiz shart. Bunday tizim mamlakatdagi xorijliklar uchun ham ishlaydi. To‘g‘ri, ba'zida bu asabingizga tegishi, konfidensiallik masalasi o‘ylantirishi mumkin. Ammo hammasi yaxshi bo‘lishi uchun ham bu ishlar kerak. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA)ning Xitoyda haligacha vaziyat yomonligi haqidagi hisobotlari va OAVdagi turli xabarlarga kelsak. Uhandagi krematoriylar (marhumlar jasadi kuydiriladigan joy) to‘lganining sabablari bor. Gap shundaki, 1 yanvardan boshlab turli sabablarga ko‘ra vafot etganlarning jasadini olib chiqish imkoni bo‘lmadi, chunki epidemiya tufayli barcha tashkilotlar o‘z faoliyatini to‘xtatgan, dafn marosimlarini o‘tkazish imkoniyati ham yo‘q edi. Tabiiy o‘lim topganlarning jasadi ham saqlanib qolgani bois krematoriylarda muammo yuzaga kelgan. Bu esa virusdan vafot etayotganlar soni ko‘p, deya talqin qilindi. Millionlab odamlar mobil aloqani to‘xtatganining ham sababi bor. Karantin tufayli uyda o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan kam daromadli ishchilar o‘z mablag‘larini tejash maqsadida mobil aloqani o‘chirib qo‘yishdi. Bu uzoq vaqt uyda daromadsiz o‘tirish talab etilgani uchun qabul qilingan qaror. Bor gap shu. Uyingizda qoling, notanish shaxslar bilan muloqotga kirishmang, sanitayzerlardan foydalaning, gigiyenaga rioya qiling, ogoh bo‘ling. Sizdan talab etiladigani shu», – deb yozadi Mario Kavolo.
Manba: "kun.uz"
| |
|