20:00 Hojatxonaga tashlangan chaqaloq | |
Azal-azaldan momo va bobolarimiz bola tarbiyasi, ayniqsa, qiz farzandning tarbiyasi, istiqboliga jiddiy e’tibor qaratib kelishgan. Chunki, qiz bola — bo‘lajak rafiqa, kelin, ona. Uning oilada qanday muhitda kamol topishi ertangi kuniga ta’sir ko‘rsatadi. Zero, ayol oila, jamiyat va millatning kelajagi hisoblanmish yosh avlodni dunyoga keltiruvchi hamda ularni voyaga yetkazishga mas’ul shaxsdir. Ba’zi bir oilalar, ayollar tirnoqqa zor yashayotgan bir paytdi, Xolnisa o‘zi dunyoga keltirgan, benikoh tug‘ilgan farzandini o‘ldirdi, bu ham kamlik qilgandek, uni hojatxonaga tashladi va ona degan mo‘’tabar nomga dog‘ tushirdi. O‘zi dunyoga keltirgan farzandning qotiliga aylanib, sudning qora kursisiga o‘tirdi. Xolnisaning qarori Xolnisa (ism-shariflar o‘zgartirilgan) turmushga chiqmagan. U viloyat kasalxonasida hamshira bo‘lib ishlaydi. Yoshi o‘ttizdan oshganiga qaramay, baxti chopmadi. Uning tengdoshlari bir oilani gullatib, farzandlarini voyaga yetkazmoqda. Xolnisa esa bir paytlar sovchi yuborgan yigitlarni birini o‘poq, birini so‘poq deb, oxir-oqibat yengil hayot yo‘lini tanladi. Avvaliga bu narsalar unga qattiq ta’sir qilgan bo‘lsa, yillar o‘tgan sayin hayotga yengilroq qaray boshladi. “Besh kunlik” dunyoda o‘ynab-kulish, maishat qilish kerak, degan fikr bilan yashay boshladi, axloqi buzildi. Yigitlar bilan tanishish, bazmu jamshidlar Xolnisa uchun oddiy holga aylandi. U viloyat markaziga qatnab ishlagani tufayli bir kuni Jamshid degan yigit bilan tanishib qoldi. Oddiy salom-alikdan boshlangan munosabat chuqurlashib, pana-pastqamdagi yashirin uchrashuvlarga aylandi. Xolnisa Jamshidning oilali ekanligini bilsa-da, u bilan uchrashishni kanda qilmadi. Bu munosabatlarning oxiri nima bilan tugashini o‘ylab ham ko‘rmadi. Pinhoniy uchrashuvlar “tuhfa”si Pinhoniy uchrashuvlar, oqibatida homilador bo‘lib qolganini bilgan Xolnisa dahshatga tushdi. – Jamshid aka, men homiladorman,– dedi u navbatdagi uchrashuvlardan birida yigitga. Uning “yangiligi”ni Jamshid loqaydlik bilan eshitdi. – O‘zi bolangni otasi kimligini bilasanmi? – dedi Jamshid istehzoli jilmayib. – Albatta bilaman, u sizning farzandingiz! – dedi Xolnisa qat’iy ravishda. – Uyimdagi bolalarimga zo‘rg‘a non topyapman-u, seni bolangni qaysi pulimga boqaman? Menga bola kerak emas, yo‘qot uni! – dedi Jamshid. – Agar ota-onam bilib qolsa, sho‘rim quriydi... Abort qildiray desam, keyin farzand ko‘rmasligim mumkin... – Bu seni muammong, iflosligingga meni aralashtirma. Bu haqda oldinroq o‘ylash kerak edi. Men senga bola tug‘ deganim yo‘q! – dedi Jamshid g‘azab bilan. “Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi” Shu kundan boshlab, Xolnisa qornini mahkam bog‘lab yuradigan bo‘ldi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi deganlaridek, qizdagi o‘zgarishni ishxonadagi ayollar sezishdi. Ular bu haqda Xolnisaga ochiq aytishmasa-da, ortidan shivir-shivir qilishardi. Xolnisa o‘zi hamshira bo‘lgani bois homilador ayol shifokor hisobida turishi, nazoratda bo‘lishi lozimligini yaxshi bilsa-da, sharmandalikdan qo‘rqib, kasalxonaga bormadi. Shu zaylda kunlar o‘tib, Xolnisaning ko‘zi yorish muddati ham yaqinlashdi. Ayni navro‘z kuni tongda uni to‘lg‘oq tuta boshladi. Xolnisa onasiga mazasi yo‘qligini aytib, xonasiga qaytib kirdi-da, eshikni berkitdi. U ming bir qiyinchiliklar bilan o‘g‘il farzandni dunyoga keltirdi. Hamshira sifatida bola tug‘ilgandanoq unga ko‘krak tutish zarurligini bilsa-da, bolani oziqlantirish emas, qanday qilib uning ovozini o‘chirish haqida o‘ylay boshladi. Xolnisa bolani o‘ldirish uchun kindigini kesmaslikka qaror qildi va xotirjam ravishda uyquga ketdi. Mudhish reja Uyquni urib, uyg‘onda bolaning o‘lib qolganligini ko‘rdi. Endi murdadan qutulish yo‘llarini izlay boshladi. “Uyimizning oldidagi qabristonga ko‘msammikan? Yo‘q, qabristonga kirolmayman, birortasi ko‘rib qolishi mumkin, xavfli...”, deb o‘yladi Xolnisa. O‘sha kuni kechqurun navbatchilikka borishi kerakligi uchun chaqaloq murdasini avval ro‘molga tugib, keyin qora sellofan paketga joylashtirdi va o‘zi bilan birga ishxonasiga olib ketdi. Yo‘lovchi mashinada kechki soat oltida ishxonasiga yetib borib, hech narsa bo‘lmaganday, sherigidan navbatchilikni qabul qilib oldi. Ish soati boshlangach, sellofandagi chaqaloq murdasidan qutulish uchun uni kasalxonaning ayollar hojatxonasi chuquriga tashladi. Orqaga shoshilib qaytayotganda mazkur kasalxonada farrosh bo‘lib ishlovchi Gulbahor opaga duch keldi. Gulbahor opa Xolnisaning it quvganday yugurib kelayotganidan hayron bo‘ldi. – Tinchlikmi, Xolnisa? Senga nima bo‘ldi? – deb so‘radi qizdan. – Yo‘q, hech nima bo‘lgani yo‘q! Axlatni tashlab qaytayapman, – dedi Xolnisa o‘zini tutishga harakat qilib. Gulbahor opa uning ortidan tikilib qoldi. Xolnisaning qappayib qolgan qorni bir kunda yo‘qolib, tep-tekis bo‘lib qolgani uni shubhaga soldi. “Qizgina tinchmikan?”, degan xayolga bordi. Qorong‘i tushib qolgani uchun hojatxonaga kirib, uni tekshiruvdan o‘tkazishni ertangi kunga qoldirdi. Shubha ortidagi haqiqat Ertasi kuni tongda kasalxonada davolanayotgan bemorlardan biriga qarab yotgan ayol Gulbahor opaga murojaat qildi: – Opajon, erta tongda hojatxonaga kirsam, chuquriga qora sellofanga o‘ralgan bir nima tiqilib qolibdi. Shuni olib tashlashning iloji yo‘qmi? – Hozir borib olib tashlayman, – deb hojatxona tomon yo‘l oldi Gulbahor opa. Ularning suhbatiga guvoh bo‘lgan Xolnisa hovliqqancha Gulbahor opaning yo‘lini to‘sdi. – Opa, to‘xtang, siz bormang. O‘zim olib tashlayman. Yog‘och bilan pastga sursam, tushib ketadi, – dedi Xolnisa shoshilib. Qizning bu holati Gulbahor opani battar shubhaga soldi. U bir muddat o‘ylangach, ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qildi. Yetib kelgan huquq-tartibot idorasi xodimlari hojatxona chuquridan qora sellofanga solingan chaqaloq murdasini topdi. Shundan keyin Xolnisaning qora qilmishi hammaga ayon bo‘ldi. Xolnisa tergov jarayonida o‘zining qilmishidan afsuslanib, bir tomchi ko‘z yosh to‘kmadi. Qanchalar gunoh ishga qo‘l urganini tushunib, aqalli kechirim so‘ramadi. U o‘z hatti-harakati bilan bola tuqqan bilan hamma ham ona bo‘lolmasligini yuz foiz isbotlab berdi... O‘tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasi, guvohlar bergan ko‘rsatmalar, boshqa ishonchga sazovor dalillar asosida Xolnisa Boboyevaning aybi to‘liq o‘z isbotini topdi. U O‘zbekiston respublikasi Jinoyat Kodeksining 99-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sirdaryo viloyat IIB, podpolkovnik Davlatjon Hayitov Lola Shoimova, jurnalist
Manba: "darakchi.uz"
| |
|