16:23 Homiladrolikda ich qotishi (qabziyat) | |
Tadqiqotlarning guvohlik berishicha, homiladorlik va tug‘ruqdan keyingi muammolarning eng ko‘p uchraydigani, bu – qabziyatdir. Achinarlisi, aksariyat ayollar bunga oddiy hol, deb qarashadi va hayot tarzini o‘zgartirish kerakligi haqida o‘ylamaydilar ham. Negaki, eng oson chora – ichni yumshatuvchi vositalar yordamiga tayaniladi-da. Ammo homiladorlikda ich keltiruvchi oddiy shamcha ham xavfli bo‘lishi mumkin. Hatto, sano o‘simligidan tayyorlangan damlamaga-da taqiq bor! Huqna to‘g‘risida-ku… yaxshisi, mavzu yuzasidan atroflicha suhbatlashsak. Sano damlamasi mumkin emas! Qabziyat organizmni asta-sekin zaharlashini, vaqtida davolanmasa, moddalar almashinuvini ishdan chiqarib, turli noxush kasalliklar, hatto, saratonga sabab bo‘lishini bilasizmi? Shunday ekan, bu holatga bir kun, bir soat ham loqayd qaramaslik kerak. Qabziyat paydo bo‘ldimi, o‘zingizcha davo qo‘llamang-da, shifokorga borib vaziyatga aniqlik kiriting. Har holda mutaxassis qabziyat sababini aniqlab, tez va bezarar ta’sir ko‘rsatuvchi davo choralarini buyuradi. Aks holda, o‘zingiz va tug‘ilajak bolaning sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazib qo‘yishingiz mumkin. Misol uchun, ko‘pchilik yaxshi biladigan va tez-tez qo‘llaydigan sano bargini olaylik. Ichni tez keltiruvchi bu o‘simlik homiladorlikning boshlanishida homila rivojlanishida nuqsonlarga olib kelishi mumkin. Huqna qilmoqchimisiz, unda uning ta’sirini ham bilib qo‘ying: homiladorlikning ilk uch oyligida mazkur usul qabziyatni to‘xtatib, ichaklarni tozalaydi, lekin shu bilan birga bachadon qisqarishini tezlashtirib, homila tushishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Homiladorlikda qabziyat xavflimi? Ich qotishida huqnani oddiy iliq suv yordamida bajarish mumkin. Lekin bu amalni bir martagina qo‘llang, yordam bermadimi, darrov shifokorga uchrashing! Mutaxassis sizga yumshoq ta’sirga ega ich yumshatuvchi dorilar buyuradi. Ularni homiladorlikning birinchi uch oyligida bemalol qo‘llashingiz mumkin. Odatda, bu dorilar ichaklarni davolovchi ferment va yog‘li kislotalarga boy bo‘ladi. Ta’siri darrov bilinmasa- da, samarali hisoblanadi, ichaklar tozalanib, anchagacha ichingiz qotmaydi. Tarkibida turli dorivor birikmalar bo‘lgan vositalar — ularni homiladorlikning uchinchi uch oyligida qo‘llashingiz mumkin. Probiotiklar – o‘zida turli foydali lakto va bifidobakteriyalarni saqlovchi vositalar homilador ayol sog‘lig‘i uchun juda foydali. Ular ovqatning tez hazm bo‘lishiga yordam berib, qabziyatga yo‘l qo‘ymaydi. Ulardan homiladorlikning istalgan davrida qo‘rqmay foydalanishingiz mumkin. Albatta, vositaning miqdori va qo‘llash uslubini shifokoringiz belgilaydi. Vazelin moyi — vaqti- vaqti bilan foyda beradigan bu davoni doim qo‘llamang, sababi, u ichaklarda yig‘ilib, sog‘liqqa zarar keltirishi mumkin. Tibbiy shamchalar — qabziyatni haqiqatan ham tez yo‘qotadi, ammo homiladorlikning ilk davrida g‘oyat ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak. Sababi, ular nafaqat ichak, balki bachadon mushaklarini ham harakatga keltirishi va yo‘ldoshning ko‘chishiga olib kelishi mumkin. Ich qotsa, suv davomi? Tug‘ishga oz qolganida ko‘pchilik ayollar shishib ketmaslik uchun suv ichishni kamaytirishadi. Lekin bu ham qabziyatga olib kelishi mumkin. Suv ichishni kanda qilmang, faqat ovqatdagi tuz miqdorini ancha kamaytirish kerak. Shunda qabziyat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ovqatlanishda parhez, jismoniy harakat hamda yaxshi kayfiyatda bo‘lish yuqoridagi nohush holatning yo‘qolishiga, albatta, yordam Ich qotganda qanday ovqatlanish kerak? Xamirli taomlar, pishiriqlar, mayonez, ketchup, mosh, loviya, no‘xat, pishloq, yongoq, bodom, manniy yormasidan tayyorlangan bo‘tqa va guruchli taomlar ma’lum vaqt cheklanishi lozim. Ovqatlanishda qora undan (23 navli) yopilgan non, suli bo‘tqasi, grechixa, gulkaram, uzum, perlovka, meva va sabzavotlarni homligicha, quruq mevalardan turli qaynatma va damlamalar iste’mol qilinadi. Har kuni nahorda bir piyola iliq suvni ichish, kamida bir donadan meva va birorta sabzavot yeyish foydali. Arpabodiyon va na’matak mevasini yarim choy qoshiqdan olib, ovqatlar orasida choy damlab ichish ichni tez keltiradi. Qabziyatda bug‘doy qipig‘iga olxo‘ri, anjir va olcha bargini qo‘shib sutda qaynatib ichilsa, ich kelishi ravonlashadi. Agar qabziyat anchadan beri qiynayotgan bo‘lsa, qatiq zardobiga ozroq sabzi sharbatidan qo‘shib yarim piyoladan ichiladi. Manba: “Sug‘diyona ” gazetasi.
Manba: "dnk.uz"
| |
|