16:20 Inson hayotiga tahdid soluvchi holatlarda shaxsiy transportdan foydalanishga ruxsat beriladi | |
«Bunday holatda YPX xodimlari to‘xtatsa, hissiyotga berilmasdan, asabbuzarlikka yo‘l qo‘ymay, vaziyatni to‘g‘ri tushuntirsangiz, ular ham holatni to‘g‘ri tushunishadi. Kerak bo‘lsa, qo‘lidan kelganicha sizga yordam berishadi».Bugun, 30 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov sog‘liq bilan bog‘liq holatlarda avtomobildan foydalanish zaruriyati tug‘ilishi borasidagi savolga javob berdi. «Karantin choralariga ko‘ra, shoshilinch tibbiy yordam olish zaruriyati kabi favqulodda holatlarda shaxsiy transportdan foydalanishga ruxsat beriladi. Masalan, homiladorlik va tug‘ruq, shikastlanish olish, shuningdek inson hayotiga tahdid soluvchi holatlarda shaxsiy transportdan foydalanishga ruxsat beriladi. Agar sizni yoki yaqinlaringizni kasalxonaga olib borishga jiddiy zarurat tug‘ilsa, shaxsiy transport vositangizdan foydalanishingiz mumkin. Bunday holatda yo‘l-patrul xodimlari to‘xtatsa, hissiyotga berilmasdan, asabbuzarlikka yo‘l qo‘ymay, yuzaga kelgan vaziyatni va ko‘chaga chiqish sababini to‘g‘ri tushuntirsangiz, ular ham holatni to‘g‘ri tushunishadi. Kerak bo‘lsa, qo‘lidan kelganicha sizga yordam berishadi. Lekin buni suiste'mol qilish kerak emas», – dedi G‘iyosov. IIV matbuot kotibi fuqarolardan uydan besabab chiqmaslikni so‘radi. «Fuqarolarimizdan zarurat bo‘lmasa, o‘z uylarini tark etmaslikni so‘raymiz. Agar shaxsiy transport vositasidan foydalanish zaruriyati tug‘ilgan bo‘lsa, huquq-tartibot organlari bilan bahslashmaslik va mojaroga kirishmaslikni so‘raymiz» – dedi IIV rasmiysi.
Manba: "kun.uz"
| |
|