Главная » 2018»Март»29 » Internet “otasi” o‘z ixtirosidan tashvishda ekanini aytdi
20:30
Internet “otasi” o‘z ixtirosidan tashvishda ekanini aytdi
Internet kashfiyotchisi Ser Timoti Jon Berners-Li o‘zining dunyoni o‘zgartirgan ixtirosi dastlab o‘ylanganidan butkul o‘zgarib ketganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Internet hayotiy zaruratga aylanganiga qaramay uning ochiqligi va shaffofligi uchun kurash to‘xtamayapti.
Jahon o‘rgimchak tarmog‘i yaratuvchisining fikricha, 29 yil avval, tarmoq yaratilayotgan paytda, u ma’lumotlarni erkin almashish hamda hamkorlik qilish bo‘yicha ochiq platforma sifatida o‘ylangan.
Lekin hozirga kelib odamlar o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini nazorat qilolmay qolishi ixtirochida tobora ko‘proq xavotir uyg‘otmoqda.
Timoti Jon Berners-Li ijtimoiy tarmoqlar davri Internetni va odamlarning u haqidagi fikrlarini o‘zgartirib yuborganini ta’kidladi. So‘nggi yigirma yilda Internetning ochiqligini ta’minlashga qaratilgan urinishlarni kuzatib, bu ish nechog‘li qiyin ekaniga amin bo‘ldi.
Ayniqsa, yirik korporatsiyalar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini ularning roziligisiz tasarruf etishi bilan bog‘liq mojarolar avj olayotgani barchani birdek tashvishga solib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Sharja (BAA) shahrida hukumatlararo aloqalar bo‘yicha xalqaro forum ish boshladi. Unda Internet “otasi”dan tashqari Oq uyning sobiq matbuot kotibi Shon Spayser, Nobel mukofoti sovrindori Lex Valensa, Vikipediya asoschisi Jimmi Uels ham ishtirok etmoqda.