20:55 “Ishonmagin do‘stingga...” – Farg‘onada koronavirus aniqlangani rostmi? | |
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada koronavirus aniqlangani haqidagi audioyozuv tarqaldi. Audiodagi ovoz “Ruxsor” radiosi boshlovchisi Hayrullo Yo‘ldoshevga tegishli ekani aytildi. Audioda Farg‘ona yuqumli kasalliklar shifoxonasiga koronavirusga chalingan bemor yotqizilgani haqida aytiladi. Shuningdek, virusni yuqtirib olmaslik uchun ehtiyot bo‘lishga, niqoblar bilan ishlashga hamda avtomobillarni ham har kuni tozalab turishga chaqirilgan. Bu esa aholi orasida vahima va turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Buning ortidan audiodagi ovoz egasi Hayrullo Yo‘ldoshev do‘stlari orasidagi suhbatdan virus tarqalgani mazmunidagi audio tayyorlanib, tarqatib yuborilganini aytib, kechirim so‘radi. Bu yerda boshlovchining do‘stlaridan biri shov-shuv qilaman deb, qadrdonini noqulay ahvolda qoldrdi. “Kuni kecha to‘rt do‘st koronavirus haqida hazil qilib gaplashgan edik. Uzoq vaqt shu masalada suhbatlashib qolganimizda oramizdagi do‘stlarimizdan biri yoo‘ib olib, "Farg‘onaga koronavirus keldi" mazmunidagi ovozli xabar tarqatib yuboribdi”, deydi “Ruxsor” radiokanali xodimi. U O‘zbekistonda va chegaralarda koronavirus kirib kelmasligi uchun jiddiy choralar ko‘rilayotganini aytib o‘tgan. Shuningdek, uning tarqatib yuborilgan audiosi biror kimni qo‘rquvga solib, tinchini buzgan bo‘lsa, chin ko‘ngildan afsusda ekanini va audioni tarqatib yuborgan shaxsni topib, choralar ko‘rilishini ta’kidlagan. “Men bu suhbatni 4 o‘rtoq orasida qolib ketadigan gap deb o‘ylagandim. Ammo bundan foydalanib, ig‘vo tarqatish maqsadida yurgan odamlar ham bor ekan. Agar meni ovozim bilan bog‘liq xabar kimningdir tinchini buzgan bo‘lsa chin ko‘ngildan uzr so‘rayman”, degan Hayrullo Yo‘ldoshev. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham ushbu holat bo‘yicha raddiya berdi. “Sog‘liqni saqlash vazirligi, shu jumladan, Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ham o‘tkir respirator infeksiyalar, jumladan, koronavirus infeksiyasining yangi turining yurtimizga kirib kelishining oldini olish borasida qat’iy nazorat o‘rnatilgan”, deyiladi vazirlik xabarida. Ma’lumot uchun, 4 mart holatiga ko‘ra dunyo bo‘yicha SOVID-19 koronavirusiga chalinganlar soni 94 343 nafarga yetdi. Virusga chalinganlarning 51 316 nafari davolandi. Bemorlarning 6 782 nafari yoki 17 foizi og‘ir ahvolda qolyapti. Bugungi kunda 33 023 nafar bemorning ahvoli qoniqarli. Koronavirusdan halok bo‘lganlar esa 3222 nafarga yetdi. Janubiy Koreya, Italiya va Eron Xitoydan keyin virus eng avj olgan davlatlar bo‘lib turibdi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|