12:35 Istanbuldan Farg‘onaga kelgan kishi nega vafot etdi? | |
Bugun, 25 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridan Farg‘onaga uchib kelgan fuqaro insultdan vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda. Qayd etilishicha, charter reysi bilan Istanbuldan Farg‘onaga uchgan 63 yoshlik nogironligi mavjud fuqaro F.ning ahvoli samolyotda og‘irlashgan. Unda yurak yetishmovchiligi, oyoq va qo‘llarida harakatsizlik kuzatilgan. Bu haqda xabar olingach, Farg‘ona shahar halqaro aeroportiga maxsus jihozlangan reanimobil tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib kelgan. Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Mashina ichida unga yurak, nafas tizimini yaxshilash uchun muolajalar bajarilib, defibrilyatsiya amaliyoti tezkorlik bilan o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan, bemor vafot etgan. Unga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|