08:50 Italiyada koronavirus yuqtirganlar soni keskin oshib ketdi | |
Italiya Yevropa davlatlari orasida yangi turdagi koronavirus yuqtirganlar soni bo‘yicha 1-o‘ringa chiqdi. Shuningdek, u koronavirusdan o‘lim holatlari qayd etilgan Yevropadagi yagona davlat bo‘lib turibdi.Italiyada oxirgi ikki kun ichida koronavirusga chalinganlar soni 4 nafardan 76 nafargacha ko‘paydi. Bu haqda 23 fevralda Italiyaning fuqarolar muhofazasi departamenti boshlig‘i Anjyelo Borrelli ma'lum qildi. “76 ta kasallanish holati 5 ta viloyatda qayd etildi: Lombardiyada 54 ta, Venetoda 17 ta, Emiliya-Romaneda 2 ta, Latsioda 2 ta va Pemonteda bitta”, deb ma'lum qilgan Borrelli. Ta'kidlanishicha, 33 kishi shifoxonaga joylashtirilgan, 18 kishi jonlantirish bo‘limlarida, 11 kishi o‘z uyida kuzatuv ostida qolmoqda, 2 kishi vafot etgan. Italiya hukumati kasallikning tarqalishi oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha maxsus dekret qabul qildi. Ko‘riladigan choralar orasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlash, o‘quv va mehnat faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish va karantinga rioya qilinishi uchun harbiylarni jalb qilish kabilar bor. “Biz o‘tkazish punktlari o‘rnatamiz, kerak bo‘lsa, qurolli kuchlarni jalb qilamiz”, deb aytgan Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte. Bosh vazirning ta'kidlashicha, virus tarqalish hududlariga, muayyan holatlardan tashqari, kirish va ulardan chiqish taqiqlanadi. Ushbu hududlarda mehnat faoliyati, ommaviy tadbirlar va o‘qish to‘xtatiladi. Lodi viloyatida 50 mingga yaqin odam o‘z uylarida karantinda qolmoqda. 10 ta shaharda maktablar, bog‘chalar, do‘konlar va boshqa jamoat joylari yopilgan. Hududiy poyezdlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar yashaydigan shaharlardan to‘xtamay o‘tib ketishi belgilangan. Epidemiya bilan qamrab olingan shaharlarda har qanday ommaviy va sport tadbirlari, jumladan karnavallar, savdo taqiqlanadi. Bu hududlarda 14 kunlik karantin e'lon qilingan. Shuningdek, Italiya shimolida koronavirus keng tarqalgan 3 ta viloyatda harakatlanish cheklab qo‘yildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda bir kun ichida koronavirusga chalinganlar soni 648 nafarga ko‘payib, umumiy soni 76936 nafarga yetgan. Shuningdek, kasallikdan 97 kishi vafot etgan, qurbonlar umumiy soni 2442 nafarni tashkil qilmoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|