07:36 JSST kovidga qarshi yagona samarali vositani e’lon qildi | |
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyesusning so'zlariga ko'ra, hozircha faqat deksametazon COVID-19ning og‘ir shaklida o‘z samaradorligini ko‘rsatmoqda. JSST bosh direktori dorilar samaradorligini keng qamrovli o‘rganish natijasida tashkilot gidroksixloroxinni sinashni to‘xtatish zarur degan xulosaga kelganini eslatib qo‘ydi. Keyin esa bemorlar endi lopinavir va ritonavir olmasligini ma’lum qildi. «Mazkur tadqiqotning oraliq natijalari endi shuni ko‘rsatmoqdaki, boshqa ikkita vosita — remdesivir va interferon — shifoxonada bo‘lish vaqtini kamaytirish yoki o‘limni bartaraf etishda kam samara bermoqda», — dedi Gebreyesus. Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasalxona sharoitida koronavirusdan davolanishda o‘lim holatlarini kamaytirishda «Remdesivir», «Gidroksixloroxin», «Lopinavir/Ritonavir» va «Interferon» kabi dorilar foydasiz degan bayonot bilan chiqqandi. Koronavirus pandemiyasi qariyb butun Yer yuzini qamrab oldi. Ayni vaqtda 38,6 million kishi kasallikka chalinib, qariyb 1,1 million bemor vafot etdi. Koronavirusga chalinganlar AQSh, Hindiston va Braziliyada ko‘proq qayd etilgan.
Manba: "xabar.uz"
| |
|