21:09 Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi | |
Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish mo‘ljallanganHarakatlar strategiyasini “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi. 2020 yil 1 avgustga qadar normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada: kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan metodologiya ishlab chiqish; aholi, ayniqsa yoshlar va ayollarda tadbirkorlik va biznes yuritishning zamonaviy ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar; tadbirkorlik tashabbuslarini, eng avvalo, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga ko‘maklashuvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari; tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar, jumladan mikromoliyalash xizmatlaridan keng foydalanishi, shuningdek, davlat xaridlarida ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish; band bo‘lmagan aholini qayta tayyorlash va ishsiz fuqarolarni zarur kasblarga o‘qitish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish; Farg‘ona vodiysining 22 ta qishloq tumanida aholi o‘rtasida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutiladi. Ijro uchun mas'ullar - Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari.
Manba: "kun.uz"
| |
|