08:57 Kavkaz Asirasi filmi ekran yuzini ko‘rganiga yarim asr to‘ldi | |
Qrimda “Kavkaz asirasi” filmi olingandan keyin yangi diqqatga sazovor joylar paydo bo‘ldi, deb xabar qiladi “1tv.ru” nashri. Film Qrimning Alushta, Janubiy Demerji, Yalta, Bog‘chasaroy tumanlarida suratga olingan. Faqat u yerlarga Shurik kabi eshakda yetib borishning iloji yo‘q, buning uchun transportning ma’lum bir turidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Gazetadan qizning sevgan yigiti tomondan o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xabarni o‘qigan rejissyor Leonid Gaydayda shu haqda kinokomediya yaratish fikri tug‘iladi. Qrimning go‘zal tabiatiga oshiq bo‘lgan Gayday shu yerda s’yomka ishlarini boshlab yuboradi. Filmning har bir iborasi xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan. Aytishlaricha, rejissyor Leonid Gayday aktyorlar tomonidan o‘ylab topilgan har bir hazil uchun bir shishadan shampan vinosi sovg‘a qilgan. Yuriy Nikulin o‘ylab topgan, yotgan joyda adyol tagidan oyoqni qashish sahnasida aynan Gaydayning qo‘li aks etgan. Filmning bir qancha epizodlarida o‘nlab qrimlar ishtirok etgan. Qrimlik, quyoshda toblangan 17 yoshli Gesha ismli yigitning tvist o‘ynayotganini ko‘rgan Gayday uni s’yomkaga taklif qildi. Unga Kievdan kelib, Qrimda dam olayotgan Raya ismli qiz sherik bo‘ldi. Gesha juda yosh bo‘lganligi tufayli suratga olish jarayonida unga mo‘ylov yopishtirishga to‘g‘ri keldi. Eshik tagida kinoga chipta sotib o‘tirgan Visinning o‘rniga pulni Qrim davlat banki xodimi sanagan. Uning o‘ng qo‘lida “PAShA” degan tatuirovka bo‘lgani sababli, tatuirovkani yashirishga to‘g‘ri kelgan. Shurik jinnixonaga yuboriladigan prokurorning uyi, o‘rtoq Saaxovning dala hovlisi Alushtaning markazida joylashgan. Milisiya bo‘limining binosi esa shahar FHDYo siga tegishlidir. 1967 yilda ekran yuzini ko‘rgan “Kavkaz asirasi” filmini 70 milliondan ortiq tomoshabin sevib tomosha qilgan. Oradan 50 yil o‘tganiga qaramay, Qrimda yil davomida “Kavkaz asirasi izidan” deb nomlanuvchi sayohat amalga oshiriladi. Unda sayyohlar film suratga olingan joylarni tomosha qilishadi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|