22:00 Ko‘p uxlagan ko‘p og‘riydi va kam yashaydi | |
Uyquga to‘ymaslikning zararli va xavfli ekanini bugungi kunda hamma biladi. Ko‘pchilik ish kunlari yo‘qotilgan uyqu o‘rnini dam olish kunlari to‘ldirib olishga harakat qiladi. Ammo olimlar va shifokorlar bu fikrga qo‘shilmaydi. Bioritmlar va inson uyqusi tadqiqotlari bo‘yicha eng nufuzli ekspertlar, aslida, qancha vaqt uxlash kerakligi va ortiqcha uyquning zararlari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. UYQUSI ChALA BO‘LGANLARNING KO‘PROQ OMADI KELADIMI? Massachusets universitetining tibbiyot fakulteti qoshidagi uyqu buzilishi markazi 30 dan ortiq, turli mamlakatlarning 2 mln kishiga yaqin fuqarolari ishtirokida bir-biriga o‘xshamagan tadqiqotlar o‘tkazib, natijalarni tahlil qildi. Ularning har biriga o‘xshash vazifalar qo‘yilgan — uzoq uxlash ko‘ngilli ishtirokchilarning salomatligi va umr davomiyligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash. Doktor Greg Jeykobs rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi olingan ma’lumotlarga tayangan holda jadval tuzdi. Unga ko‘ra, erta o‘lim xavfi eng kami 7 soatlik uyqu ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bundan qisqa va bundan uzoq davom etgan uyqu esa xavfli kasalliklar ehtimolini oshirib, erta o‘limga sababchi bo‘lishi mumkin. Qolaversa, shifokorning fikricha, ko‘p va uzoq uxlaydiganlar uyqusizlik qurbonlariga nisbatan hayotdan ancha erta ketadi. NIMA UChUN UXLAYMIZ? Sakkiz soatlik standart uyqu yetarli bo‘lmagan insonlarda yashirin, hali tashxis qo‘yilmagan qandaydir kasallik mavjud. Xususan, uyquchanlikning oshishi, o‘rindan turmaslikka bo‘lgan kuchli xohishga quyidagi holatlarda ko‘proq duch kelinadi: — virusli infeksiyalar (masalan, surunkali virusli gepatit, gerpes-infeksiyalari); — insonda charchoq hissini orttiradigan har xil surunkali kasalliklar; — surunkali charchoq sindromi; — endokrin bezlar faoliyati buzilishi (masalan, qalqonsimon bezlarning gormon ishlab chiqarish darajasi pasaysa); — depressiya, umumiy bezovtalik sindromi. Ushbu barcha vaziyatlarda cho‘zilgan uyqu — bu sog‘lom bo‘lmagan va tiklanib olish, tuzalish, infeksiyalarga qarshi kurashish uchun harakat qilayotgan organizmning himoya reaksiyasi. Depressiya va subdepressiya holatida (kayfiyatning tez-tez tushib turishi, yomon voqealarga nisbatan ta’sirchanlikning oshishi) miya uyqu yordamida xafa qiladigan, xavotir va ruhiy tushkunlik darajasini oshiradigan holatlardan qochishga harakat qiladi. «TEZKOR» UYQU YuRAK UChUN XAVFLI Boshqacha so‘z bilan aytganda, 8 soatlik uyqudan keyin ham doimiy uyquga tortadigan insonlar ko‘proq umr davomiyligini qisqartiruvchi turli kasalliklardan aziyat chekishadi. Shuning uchun, ayniqsa, kunduz kunlari keti uzilmaydigan uyquchanlikka mubtalo bo‘lgan insonlar organizmini tinimsiz uyquga tortayotgan holat sababini aniqlash uchun to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Boshqa tomondan uzoq uyqu, agar u muntazam ravishda bo‘lsa, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, deya ogohlantiradi tibbiyot fanlari nomzodi, Federal tibbiy-biologik agentlik 83-klinik kasalxonasi qoshidagi uyqu buzilishi markazi rahbari, doktor Kalinkin. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, 8 soatdan ko‘p bo‘lgan uyqu tezkor uxlash davomiyligini oshiradi, bunda organizm kam dam oladi va qo‘shimcha zo‘riqish ko‘p bo‘ladi. Tezkor uxlash vaqtida «vegetativ buron» — yurakning notekis urishi, arterial qon bosimining oshishi, to‘xtab-to‘xtab nafas olish, miyada qon oqimi kuchayishi sodir bo‘ladi. Inson bunday holatda qancha ko‘p vaqt bo‘lsa, nafas, yurak-tomir tizimlari va hatto miyada qon aylanishi buzilishi xavfi shuncha ortadi, deya ogohlantiradi vrach. ORIENTATSIYA — GORMONLAR UChUN Albatta, hamma odam har xil va uyquning juda yaxshi davomiyligi ularning har birida farqlanadi, masalan, moddalar almashinuvi xususiyatlariga qarab, deydi mutaxassislar. Yana bir muhim omil — yosh: — o‘sayotgan organizm birmuncha uzoqroq uyquni talab etadi (9-10 soat); — jinsiy gormonlar faolligi ortgan va shu bilan bir vaqtda melatonin — uyqu gormoni ishlab chiqarish pasaygan yoshlik davrida uyqu davomiyligi qisqaradi (6-7 soatgacha); — 30-35 yoshdan so‘ng melatonin faollashadi va ko‘pincha odamlar 8 soatdan kam bo‘lmagan vaqt davomida uxlaganda o‘zlarini uyquga to‘ygandek his etishadi; — 50-55 yoshdan so‘ng melatonin sintezi yana pasayadi, shuning uchun yosh ulg‘aygan va keksaygan pallalarda ko‘pincha 6 soatlik uyqu ham yetarli bo‘ladi. “Uxlash uchun yotgan vaqtingiz katta ahamiyatga ega, — deb ta’kidlaydi somnolog Aleksandr Kalinkin. — Organizm uchun kechki 11 dan ertalabki 7 gacha bo‘lgan uyqu kechasi 2 da yotib, kunduzi 10 da turganga nisbatan ancha foydali. Chunki organizmni sog‘lomlashtiruvchi va tiklovchi, jumladan, ajinlarni silliqlash xususiyatiga ega bo‘lgan melatonin moddasi kechki 11-12 dan ertalabki 3-4 gacha ishlab chiqariladi. Bu moddaning faqat uyquda ishlab chiqarilishini inobatga oladigan bo‘lsak, bu vaqtlarda uxlab yotish juda o‘rinli bo‘ladi». OPTIMIST AYoLLAR UZOQ YaShAYDI Optimist ayollar uzoq yashaydi. Buni AQSh olimlari aniqlashga erishdi. Garvard universiteti mutaxassislari 70 ming nafar o‘rta va keksa yoshdagi Amerika fuqarolari o‘rtasida 2004 yildan 2012 yilgacha tadqiqot olib borishdi. Kasallik tarixi ustida tadqiqot olib borilganlarning barchasi hamshira yoki tibbiyot xodimi bo‘lib ishlagan odamlar edi. Tadqiqotchilar har xil ma’lumotlarni taqqoslab ko‘rishdi: hamshiralar tez-tez kasal bo‘lganmi va ular o‘zlarini optimist deb hisoblaganmi? Ma’lum bo‘lishicha, optimistik ruhda yurgan ayollar o‘zlarini optimist deb hisoblamaydigan tengdoshlari va hamkasblariga nisbatan o‘rta hisobda 30 foizga kam vafot etishgan. Onkologik kasalliklar optimist ayollarda odatdagidan 16 foiz, yurak kasalliklari 38 foiz, insult 39 foiz, o‘pka kasalliklari 38 foiz va yuqumli kasalliklar 52 foizga kam. Olimlar ob’ektiv qonuniyatlarga asoslanganlikni aniqlashga muyassar bo‘lishdi: optimistik ruh insonlarni ko‘proq sog‘lom turmush tarziga amal qilishga majbur etgan. Baxtli va ijobiy fikrli inson sport bilan shug‘ullanadi, ko‘p vaqtini faol dam olish va sayr uchun sarflaydi. Bu vaqtni pessimistik kayfiyatdagi insonlarning ko‘pchiligi o‘zlari moyil bo‘lgan zararli odatlar — tamaki chekish, spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiqcha ichish va nosog‘lom ovqatlanish yoki ularning oqibatida yo‘qotgan salomatliklarini tiklash bilan ovora bo‘lishadi. «TO‘YIB UXLASh ODATI QARIShNI TEZLATADI» Roman Kondratov, Klivlend universitetining (AQSh) biologiya fanlari bo‘yicha professori: — Organizmimiz o‘zini yaxshi his etishi va yosh ko‘rinishi uchun eng asosiy vositalardan biri biologik soatlardir. Biologik soat sifatli va uzilishlarsiz ishlasa, biz yosh, bardam bo‘lamiz, yaxshi ko‘rinishga ega bo‘lamiz va ko‘plab xavfli kasalliklarga qarshi muvaffaqiyatli kurasha olamiz. Biologik soatning yaxshi ishlashi ham, vaqtidan ilgari qarishni tezlashtirishga xizmat qiluvchi uning zaifligini kuchaytirish ham insonning o‘z qo‘lida. Ayting-chi, siz, odatda, qancha uxlaysiz? «7 mo‘’jiza» gazetasidan
Manba: "hordiq.uz"
| |
|