15:20 Koronavirus albatta bartaraf bo‘ladi: tushkunlikka tushmaslik uchun 5 sabab | |
Koronavirus bugun yer yuzi bo‘ylab millionlab kishilarning hayot tarzi va rejalarini o‘zgartirib yubordi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, koronavirus ta'sirida belgilanyotgan karantindan bir necha haftada qutulib bo‘lmaydi, bu holat oylarga cho‘zilishi ham mumkin.Bunday vaziyatda biror ijobiy holni ko‘rish qiyin, ammo shunga qaramay, katta tahdidga duchor bo‘lgan odamzod o‘z insoniyligini namoyon qilish uchun kuch topa olyapti. 1. Oq xalat kiygan odamlarga minnatdorchilik qarsaklari Dunyoning barcha mamlakatlarida koronavirusga qarshi kurashda shifokorlar, hamshiralar va sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xodimlar koronavirusga qarshi kurashda eng oldingi saflarda turibdi. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, ular amalga oshirayotgan sa'y-harakatlar tufayli virus yuqtirgan ko‘plab odamlar tuzalib chiqishmoqda. Shunday tahlikali vaqtda o‘z jonini xavfga qo‘yib, koronavirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berayotgan tibbiyot xodimlarining zahmatli mehnatlariga minnatdorchilik izhor etish uchun uchun turli mamlakatlarda odamlar kechki payt o‘z uyi derazasi yoki balkonidan turib ularning sha'niga yakdil bo‘lib qarsak chalishmoqda. Tibbiyot xodimlarini birgalikda olqishlash koronavirus dastlab tarqalgan Xitoyning Uhan shahrida ilk marta amalga oshirilgan edi. Bugun bu olqish dunyo bo‘ylab yangramoqda — koronavirus Xitoydan tashqariga chiqib, dunyo bo‘ylab tarqab ketganidan buyon tibbiyot xodimlarini olqishlash ham dunyo bo‘ylab trendga aylandi. 2. Xitoy karantinni yumshatyapti Xitoy rasmiylariga ko‘ra, hozir ular koronavirus tarqalishining oldini olishga muvaffaq bo‘lishgan. Xitoyda virusga chalinganlar darajasi tobora kamroq qayd etilmoqda, boz ustiga, ularning aksariyati kasallikni xorijda yuqtirib kelganlar bo‘lmoqda. Xitoyda virus tarqalishi deyarli to‘xtagan. Shu tufayli rasmiylar mamlakatda karantin choralarini bosqichma-bosqich yengillashtirmoqda. Pandemiya boshlangan Hubey provinsiyasida joriy etilgan kirib-chiqish karantin cheklovlari 25 mart kuni olib tashlandi. Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahridagi cheklovlarni 8 apreldan yengillashtirish rejalashtirilgan. BBC’ning Xitoydagi muxbiri Stiven Makdonellga ko'ra, endi Pekin aholisi tom ma'noda ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas olishi mumkin. Albatta, Xitoyda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas, ammo sekin-asta cheklovlarni yumshatayotgan hukumat yaxshi natijalarga umid qilmoqda. 3. Italiya: tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinmoqdami? O‘tgan haftaning o‘rtalarida Italiya rasmiylari mamlakatda koronavirus tarqalishi barqaror bosqichga o‘tgani, ketma-ket to‘rt kun davomida virusga chalinganlar soni va undan vafot etish holatlari nisbatan kamaygani haqida xabar berdi. O‘tgan haftaning chorshanba kuni Italiyada koronavirus yuqtirish bo‘yicha 3612ta yangi holat aniqlangan va bu avvalgi to‘rt kunlik ko‘rsatkichlardan kam edi. Ammo payshanba kuni virus yuqtirganlar soni yana biroz oshgani kuzatildi. Juma kuni esa hammasi aralashib ketdi, kasallikka chalinganlar soni kamaydi, ammo pandemiya boshlanganidan beri o‘lim eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. Garchi juma kuni o‘lim holati ko‘paygan bo‘lgan ham umumiy manzarada haftaning ilk to‘rt kunida kasallikka chalinish holati kamaygani koronavirusdan eng ko‘p jabrlanayotgan Italiyada kasallikni yengish mumkin, degan umid uyg‘otdi. Italiyada so‘nggi haftada virusga chalinish holatlari kamayganini JSST «umidbaxsh xabar», deb atadi. Italiyada koronavirusdan jiddiy zarar ko‘rgan mintaqa, Lombardiya viloyatining bosh shifokori esa holatga «tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinyapti», deb izohladi. 4. Vaksina qidirayotgan olimlar Butun dunyoda barcha koronavirusga qarshi yangi vaksina ishlab chiqilishini kutmoqda. AQShning Sietl shahridagi Kaiser Permanente ilmiy tadqiqot markazida koronavirusga qarshi bir nechta vaksinalar sinovdan o‘tkazilmoqda. Allaqachon to‘rt nafar ko‘ngilli yangi virusdan olingan xavfsiz genetik kodning eksperimental dozasi bilan emlandi. Endi uning natijasi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu va shunga o‘xshash boshqa sinovlar koronavirusga qarshi qanchalik samarali ekanligini aniqlash uchun ularga bir necha oy kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, olimlar yangi koronavirus haqida tobora ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishmoqda. O‘tgan haftada virusning genetik kodini yechish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadqiqotlar borasida dalda beruvchi xabarlar paydo bo‘ldi. Odatda aksariyat viruslar hayvonlar yoki inson tanasida ko‘payib ketganda mutatsiyaga uchraydi. Olimlarning ta'kidlashicha, SARS-CoV-2 (koronavirus) mutatsiyaga juda sekinlik bilan uchramoqda yoki hech qachon mutatsiyaga uchramaydi. Agar ushbu kuzatuvlar tasdiqlansa, bu uzoq vaqt davomida odam immunitetini bu virusga qarshi yuqori darajada chidamli qilish uchun bitta vaksina yetarli bo‘lishi mumkinligini anglatadi. «Barqaror genga ega bo‘lgan virus — emlashning foydali bo‘lishi uchun yaxshi yangilikdir», deb tasdiqlaydi koronavirus muammosi bilan shug‘ullanayotgan professor Stefano Menso. 5. Hamma bitta qayiqda Koronavirusning tarqalishi ko‘pchiligimizni jismoniy tomondan ihotalab qo‘yganiga qaramay, axloqiy jihatdan odamlar o‘rtasidagi bunday yaqinlik va o‘zaro iliq munosabat uzoq vaqt davomida kuzatilmagan edi. Bugun dunyoning turli burchaklarida insonlar o‘zaro yordam, rahm-shafqat va boshqalar hayotiga befarq bo‘lmaslik hamda o‘zgalar uchun qayg‘urishga chaqiriqlar bilan chiqyapti. Yaqinda Buyuk Britaniyada yuz minglab odamlar Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga (NHS) yordam berish uchun ko‘ngillilar safiga qo‘shilish chaqirig‘iga labbay deb javob berishdi. Ular rasmiylar tomonidan ko‘ngillilar bo‘linmasi uchun so‘ralganidan bir necha barobar ko‘p. Milliy sog‘liqni saqlash xizmatining Angliya bo‘yicha direktori Stiven Povisning so‘zlariga ko‘ra, u «odamlarning begonalar uchun qayg‘urishi bu darajada kuchliligidan va tibbiyot uchun tekin xizmat qilishga oshiqqanidan ajablangan». Shu kunlarda mijoz qabul qilmay, faqat yetkazib berish yo‘li bilan ishlayotgan ko‘plab kafe va restoranlarda tibbiyot xodimlariga qahva va sendvichlar bepul berilyapti. Ispaniyada chop etiladigan El Pais gazetasining xabar berishicha, bir shifokorning chaqirig‘iga binoan o‘n minglab odamlar kasalxonada og‘ir sindrom bilan kurashayotgan bemorlarga sog‘ayib ketish tilaklari va dalda so‘zlari yozilgan maktub yuborishgan. Qolaversa, bugun dunyodagi ko‘plab kompaniyalar, tadbirkorlar virusdan aziyat chekayotganlarga turli ko‘rinishda yordam qilishmoqda. Bunday misollar juda ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus e'tiqodidan, irqidan, dunyoqarashidan qat'i nazar, barchani birlashtirdi, bir-biriga mehr ko‘rsatishga undadi.
Manba: "kun.uz"
| |
|