20:36 Koronavirus avj olishi qachon tugashi mumkin: 4 ssenariy | |
Koronavirus normal hayot tarzini umuman o‘zgartirib yubordi. Ko‘pchilikni bu qachon tugashi haqidagi savolning javobi qiziqtirmoqda. Epidemiologlar vaziyat quyidagi to‘rt ssenariydan biri bo‘yicha davom etadi deya hisoblashmoqda. The Atlantic ana shu ssenariylar haqida ma'lumot berdi. 1-ssenariy. Bir oydan ikki oygacha Mutaxassislar bu variant sodir bo‘lish ehtimolini past deb hisoblashmoqda. «Koronavirus «kutilmagan ravishda jiddiy patogen bo‘lmasa» ijtimoiy masofalanish hisobiga muammoni bir-ikki oy ichida yengish mumkin. Hozirda zararlanganlarning hammasi ilgari biz kuzatgan bemorlardan farq qiladi. Ularning kasalligi yengil o‘tmoqda va asta-sekin immunitet orttirilayotganini tushunyapmiz», deydi Harvard maktabi epidemologiya professori Uilyam Henej. Vaziyatning tezda yaxshilanishi borasidagi boshqa yo‘l u qadar ijobiy emas. Irnvayndagi Kaliforniya universitetining jamoat sog‘lig‘ini saqlash professori Endryu Noymerning fikricha, ijtimoiy masofalanish jarayonining kuchsiz tarzda kechishi bir necha oylarda koronavirusning keskin avj olishiga olib kelishi mumkin «Natijada sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga yuz tutadi va juda ko‘p odamning o‘limiga sabab bo‘ladi. Biroq zararlanganlarning ko‘pchiligi tuzaladi. Natijada odamlarning ko‘p qismi, hatto Yer aholisining hammasi immunitetga ega bo‘ladi», deydi u. Ushbu vaziyatning har ikkisiga ko‘ra ham bir necha oydan keyin hayot odatiy tarziga qaytishi mumkin. Biroq bunday bo‘lmasa ham bahor faslining oxiriga borib ekspertlar koronavirus haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘ladi. Eng avvalo, ular yuqtirish holatlarining ilk oqimi oqibatlarini baholay olishadi. Natijada koronavirusga qarshi kurashish samaradorligi ortadi. Henej hozirda bu ma'lumotlar mavjud emasligini tushuntirmoqda. Chunki virusni yaqinda yuqtirgan kishilar uchun odatda bir necha haftalik intensiv davolash talab etilmaydi. Shuningdek, bir yoki ikki oydan keyin mutaxassislar tuzalganlar infeksiyaga qarshi immunitetga ega bo‘lishi va u qancha vaqt amal qilishini yaxshiroq tushunadilar. Bu ma'lumotlar esa koronavirusning oldini olishda asqotadi. 2-ssenariy. Uch oydan to‘rt oygacha Henej bu vaqt davomida «virus haqida imkon qadar ko‘proq ma'lumot olinishiga, bu esa turli harakatlarni yangilash imkonini berishi»ga ishonch bildirmoqda. Masalan, virusni hatto belgilarsiz yuqtirish holatida o‘pka orqali immunitetga ega bo‘lishga oydinlik kiritilishi mumkin. Buni kasallik belgilari va belgilarsiz bo‘lgan odamlarni test qilish orqali bilish mumkin. Bu yerda tadqiqotlarning ikki turi muhim: birinchisi, koronavirusning o‘zi aniqlaydi, ikkinchisi, immuniteti bo‘lgan odamlarda ishlab chiqariluvchi antijismlar bu jarayonda yordamga keladi. Henejning so‘zlariga ko‘ra, bu ma'lumot zararlanganlar va xavf ostida bo‘lganlarni izolyatsiya qilish imkonini beradi. Aholining katta qismi esa normal hayotga qaytishi mumkin. Aholisi kasallikka kamroq yo‘liqqan tumanlar aholisi buni tezroq amalga oshirish imkoniga ega. Jorjtaun universiteti sog‘liqni saqlash tizimlarini boshqarish professori Maykl Stoto uch narsaga oydinlik kiritilishini aytdi. Bular: odam bir kunda necha kishi bilan muloqot qilishi, ana shu kontaktlardan har birida virusni yuqtirish ehtimoli va virus tashuvchisi uchrashuvlarining ulushi. Stotoning so‘zlariga ko‘ra, sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tadqiqot virus tarqalishining to‘liq kartinasini beradi. Sog‘liqni saqlash organlari ana shu holatlardan biriga diqqatni qaratish imkoniga ega bo‘lishadi. Masalan, agar testlar odamlar soni qisqarishi samarali ekanini ko‘rsatsa, ehtimol restoran va kichik biznesning boshqa turlari ochilishi, biroq yirik tadbirlar taqiqlanishi va qoldirilishi mumkin. «Hozirda qabul qilinayotgan ayrim radikal choralarni ilgariroq taqiqlash kerak edi», deydi u. Uch-to‘rt oydan keyin Covid-19’ni davolash usulini topishlari mumkin bo‘lardi. Bu vaksinani emas, kasallik belgilarini yengillashtirish va o‘lim holatlarining oldini olish vositalarini anglatadi. Bu ijtimoiy masofalanishga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf qilmaydi, chunki kasallikning yirik miqyosda avj olishi ehtimoli hali ham mavjud, biroq bu kasalxonalarga tushayotgan og‘irlikni kamaytirishda yordam beradi. Henej bu ssenariyning amalga oshish ehtimolini birinchisiga qaraganda yuqoriroq deb hisoblaydi. Biroq hali hech narsaga to‘liq ishonch berish mumkin ekanini ham ta'kidlaydi. 3-ssenariy. To‘rt oydan 12 oygacha Gripp holatida bo‘lgani kabi COVID-19’ning tarqalishi yoz oyida sekinlasharmikan degan fikr tadqiqotchilarni hali ham qiziqtirmoqda. Yoz faslida epidemiyaning kamayishi bo‘yicha bir necha nazariyalar mavjud. Ehtimol bu ayrim viruslar harorat va yuqori ultrabinafsha nurlariga chidamsizligi va kasallik tarqalishi uchun muhim joy - maktablarning ko‘pchiligi yozda yopilishi bilan bog‘liqdir. Ana shu nazariyalarning koronavirusga qay darajada daxldor bo‘lishi hali noma'lum. Noymer Covid-19’ning mavsumiyligi borasidagi fikrlar yaqin ikki-uch oyda o‘z tasdig‘ini topadi, yoki rad etiladi deb hisoblaydi. Birinchi holatda virus yoz faslida taslim bo‘ladi. Ikkinchi holatda esa bu yuz bermaydi. Biroq har ikki ssenariyda ham ijtimoiy masofalanish bo‘yicha ayrim choralar yil yakuniga qadar davom etadi. Birinchi holatda, deydi Noymer yoz fasli bahorga qaraganda ancha zavqli kechadi. Hech bo‘lmaganda shimoliy yarim sharda. Kichik guruh bo‘lib toza havoda to‘planishga ruxsat berilishi mumkin. Bar va restoranlar ochilishi ehtimoldan xoli emas. Biroq yirik tadbirlar hali ham taqiqlansa kerak. «Lollapalooza, Beysbol oliy ligasi, odam ko‘p to‘planadigan plyajlar bo‘lmaydi», deya prognoz qilmoqda Noymer. Henej sport tadbirlari yoz oyida ommasiz o‘tkazila boshlaydi, deb hisoblaydi. Teleshoular ham studiyadagi auditoriyadan voz kechishi mumkin. Do‘konlar bir vaqtning o‘zida bir xonada bo‘ladigan xaridorlar sonini cheklaydi. «Haqiqatan ham yaqin kunlarda odamlar olomon bo‘lib to‘planadi deb hisoblamayman», deya qo‘shimcha qildi u. Biroq normal hayotning ahamiyatsiz elementlari asta-sekin o‘z o‘rniga qaytishi mumkin. Yaqin qarindoshlarni ko‘rishga borish ham nisbatan xavfsiz bo‘lishi mumkin. «Virus hamma joyda tarqalishi va hatto uy yaqinidagi do‘konlarda virusni yuqtirish xavfi paydo bo‘lsa, ko‘chaga chiqish bo‘yicha cheklovlar o‘z ma'nosini yo‘qotadi. Shunga qaramay, odamlar aeroportlarda to‘planmasliklari uchun ayrim choralar ko‘rilishi kerak», deya qayd etdi Henej. Koronavirus retsidivi (qaytalanish) bu yildagi yoz faslining salbiy holatiga aylanishi mumkin. Zararlanishning kuz faslidagi oqimi sentabr yoki oktyabrga to‘g‘ri kelishi va izolyatsiyaning yana ortishini talab etishi ehtimoli mavjud. Ijtimoiy masofalanish yo hozirgiga o‘xshaydi yoki undan kuchsizroq bo‘ladi. O‘sha vaqtga borib Covid-19’ga qarshi immunitetga ega bo‘lishadi va virusni yuqtirish xavfisiz ko‘chaga chiqishni boshlaydilar. Bundan tashqari, virus haqida ko‘proq narsalarni bilamiz. Masalan, agar kuz fasliga borib, bolalar bu virusni tarqatmasligi aniqlansa, maktablar ochilishi mumkin. Yoz fasli o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish uchun qo‘shimcha apparatlar, kasalxona, tibbiyot xodimlari uchun himoya qurilmalarini ishlab chiqarish uchun qulay vaqt bo‘lishi mumkin. «Agar koronavirus mavsumiy bo‘lsa, kuz faslida kasallikka munosib javob qaytarish uchun yozgi jimjitlikdan foydalanish kerak bo‘ladi», deydi Noymer. Bunday vaziyat uchun to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rilsa, ijtimoiy masofalanish kamaytirilishi mumkin. Ikkinchi variantda yoz faslidagi vaziyat ijobiy bo‘lmaydi. Izolyatsiya zararlanganlar sonini kamaytirsa ham zararlanishning yangi oqimi paydo bo‘lishi yilning issiq oylarida ham yuqoriligicha qoladi. Noymerning so‘zlariga ko‘ra. Agar iyun oyining boshi, o‘rtalariga kelib zararlanishlar soni qisqarmasa, virus mavsumiy emasligiga ishonch hosil qilamiz. Bu davrga borib, ijtimoiy masofalanish choralari vaziyatga qarab o‘zgartirilishi mumkin. Agar zararlanishlarning yangi oqimi yaqinlashayotgan bo‘lsa, izolyatsiya qat'iy bo‘lib qolaveradi. Agar ma'lumotlar kasalxonalarga tushadigan og‘irlik kutilmayotganini ko‘rsatsa, ijtimoiy masofalanish choralari kuchsizlantirilishi mumkin. «Joriy zararlanish oqimini yengishga muvaffaq bo‘lingach, ayrim narsalar osonlashishi mumkin», dedi Henej. Ish va muloqot uchun ko‘chaga chiqish mumkin bo‘ladi, biroq bunda qo‘lni sinchkovlik bilan yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish talab etiladi. Ehtimol, odamlar masofadan ishlaydigan va yegulik uchun buyurtma bera oladigan kishilar jamoat joylariga bormasliklari mumkin. 4-ssenariy. 12 oydan 18 oygacha (yoki undan ko‘proq) 2021 yilning bahorida koronavirusga qarshi vaksina paydo bo‘lishi mumkin. «Bundan avvalroq paydo bo‘lgan har qanday narsa jahon rekordiga, yashin tezligiga aylanadi», deydi Noymer. Vaksinani ishlab chiqish ko‘p vaqt oladi: ehtimol, kelasi bahor faslidan keyin olti oy yoki bir yil talab etilishi mumkin. Vaksina ishlab chiqish bunchalik ko‘p vaqt olishining sababi, ularni mukammal ishlab chiqish murakkab. Bir necha uslubiy tajribalar mavjud, ular ishonch hosil qilishga yordam beradi: vaksina sog‘lom odamga zarar keltirmaydi, u kasallikdan himoya qiladigan kerakli antijismlarni ishlab chiqadi. Bu o‘ta byurokratik ehtiyotkorlik emas. Tadqiqotchilar yuz millionlab, hatto milliardlab odamga yetib boradigan biror nima yaratganda barini to‘g‘ri amalga oshirayotganlariga ishonch hosil qilishni istaydilar. «Vaksina olinganidan keyin normal hayot darhol tiklanmaydi. Deyarli 359 million kishini vaksina bilan ta'minlash – haqiqiy jasorat. Vaksina olib kelinganida uning taqsimoti haqida o‘ylash kerak. Vaksinani kimlar birinchi bo‘lib oladi? Koronavirusga chalinish xavfi yuqori bo‘lganlarmi? Yoki sog‘liqni saqlash xodimlarimi?», - deya qayd etdi Stoto. Bundan tashqari, hech kim xavfsiz va samarali vaksinani yarata olmasligi varianti ham bor. Bu qayg‘uli variant. Biroq hatto bu holatda ham 2021 yil kuz fasliga kelib, immunitet hosil bo‘lishi hisobiga pandemiyani yengish mumkin. Bu bir yildan ortiq izolyatsiyada o‘tirish kerak emasligini anglatmaydi. Hatto vaksinasiz ham immunitetning orttirilishi koronavirusning avj olishi hozirgiga qaraganda kuchsiz bo‘lishini anglatadi. Biroq virus tahdidi saqlanishi va shamollash hamda gripp kabi odamlarni zararlab, sirkulyatsiya qilishda davom etishi mumkin. Buni yaxshi variant deb atash mushkul, biroq shu vaqtga kelib, hayot o‘zining normal oqimiga qaytadi. Biroq butunlay o‘zgargan bo‘ladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|