21:24 Koronavirus bilan tug‘ilgan go‘dak dorilarsiz tuzalib ketdi | |
COVID-19 koronavirusi o‘chog‘i Xitoyning Uxan shahrida 17 kunlik go‘dak virusni butunlay yengdi. Buning uchun u hech qanday dori qabul qilmadi, deb xabar bermoqda “Publisher” nashri. Chaqaloq Syao Syao tug‘ilganidan keyin Uxan bolalar shifoxonasiga o‘tkazilgan. U yerda unga COVID-19 tashxis qo‘yilgan. Unda respirator infeksiya va yurakning lat yeyishi aniqlangan. Ammo Syaoda virus alomatlari sezilarli bo‘lmagan. Shuning uchun shifokorlar chaqaloq organizmi kasallikka qarshi mustaqil kurashishi uchun qo‘yib berishgan. Bolalar shifoxonasining neonatologiya bo‘limi shifokori Szen Linkong go‘dakda nafas olish bilan bog‘liq qiyinchilik va yo‘tal bo‘lmaganini, shuning uchun uning yuragini nazoratga olishganini aytgan. Yangi koronavirus Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi. Koronavirus qurbonlari soni 2771 nafarga, kasallanganlar 80 997 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|