22:13 Koronavirus haqidagi asosiy savollarga javob — Yaponiyadagi rus olimi | |
Yaponiyaning RIKEN instituti ilmiy xodimi, Qozon federal universitetining «Ekstremal biologiya» laboratoriyasi mudiri Oleg Gusev hozir «Kunchiqar yurt»da koronavirusni aniqlovchi ekspress-test ishlab chiqish bilan band. «Ridus» sayti olimdan koronavirus bo‘yicha ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob oldi.
Koronavirusning inkubatsion davri 14 kun, shu boisdan shoshilinch vataniga qaytgan kishilar ikki haftagacha atrofdagilar uchun potensial xavfli. Virusni ommaviy test qilish imkoniyati hozircha yo‘q, karantin tartibini buzuvchilar noxush syurprizlarni keltirib chiqarishi mumkin. Vaksinatsiya nima bo‘lyapti? Vaksinatsiya — ancha jiddiy masala, uni hamma kutyapti. Deyarli barcha mamlakatlarning olimlari shu ish bilan band. Masalan, AQShda odamlarda klinik sinovlar boshlab yuborildi. Ammo vaksinatsiya tayyor bo‘lishini kamida yarim yil kutishga to‘g‘ri keladi, ommaviy qo‘llash uchun juda ko‘p ruxsatnomalar kerak. Yangi vaksina qanday xavf yoki ta’sir kuchiga ega — hali bilmaymiz. Nega Yaponiyada CODIV-19 deyarli yo‘q? Xitoyga yonma-yon Yaponiyada koronavirusni yuqtirganlar soni nisbatan ancha kam. Ammo amaldagi statistika tizimi o‘ta mukammal emas, mavjud holat boshqacha bo‘lishiyam mumkin. Misol uchun, koronavirusni aniqlash uchun Yaponiyada taxminan 15 mingta test olingan, bu juda oz. Solishtirish uchun: Rossiyada yuz minglab kishilar koronavirus bo‘yicha testdan o‘tgan. Virusologning aytishicha, testlar yetishmovchiligi sababli hozircha Yaponiyada ommaviy test o‘tkazilmayapti, faqat kasallik alomatlari yaqqol namoyon bo‘lganlar birinchi galda tekshirilyapti.
Italiyaga nima bo‘ldi? Nega o‘lim holatlari juda ko‘p? Italiyadagi vaziyat butun dunyo olimlari tomonidan tahlil qilinyapti. Ammo epidemiya keng tarqab ketishiga sabab bo‘lgan omillar hozirdan ko‘zga tashlanyapti. Italyanlar — mehmondo‘st xalq, yaqin muloqotni yaxshi ko‘rishadi, hammasi quchoqlashib, o‘pishib ko‘rishishadi, mana nega virus tez tarqab ketdi. Italiyaning ikkinchi xatosi — vaziyatga noto‘g‘ri baho berishi. Ular Xitoy juda olisda, virus bizgacha yetib kelmaydi deb o‘ylashdi, o‘z-o‘zini ihotalash, shaxsiy gigiyena talablarini kuchaytirish bo‘yicha biron chora ko‘rishmadi. Xullas, bir nechtagina jiddiy xatolar Italiyaning boshiga og‘ir kulfat keltirdi, mamlakatda koronavirusdan kasallanganlar soni geometrik progressiya bo‘yicha o‘sib boryapti. Agarda Italiya va Xitoyni xavfsizlik nuqta nazaridan solishtiradigan bo‘lsak, qattiq intizom, o‘z-o‘zini himoyalash va kuchli gigiyena bilangina xitoyliklar koronavirusning yanada keng tarqab ketishiga zarba bera olishdi. Grechkani g‘amlashga shoshilmang Hozir g‘amlash kerak bo‘lgan yagona narsa bu — sog‘lom aql, deydi olim. Insonning ahmoqligi oldida bu virus hech narsa emas. Hozircha qishloq xo‘jaligi yoki boshqa sohalarga bu virusning jiddiy ta’siri bo‘lgan emas, shu bois oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelmaydi. Sun’iy taqchillikka odamlarning o‘zlari aybdor, do‘konlardagi yeguliklar, dorixonalardagi medikamentlarni ortig‘i bilan xarid qilib, bu narsalarga aslida muhtoj insonlar — nogironlar, keksalar, kam ta’minlangan kishilarni qiynab qo‘yishmoqda. Olimning aytishicha, yaponlar ham avvaliga yengil vahima ko‘tarib, do‘konlardagi barcha quruq va ho‘l qog‘oz salfetkalarni sotib olishgan. Odatda zilzila kutilayotgan paytlarda bunaqa holatlar kuzatilardi, shuning uchun ham yaponlarni tushunish mumkin. Oradan ikki hafta o‘tib bo‘shab qolgan peshtaxtalar yana xilma-xil salfetkalar bilan to‘lib ketdi. Boshqa mamlakatlarda ham shunday bo‘lishi aniq, deydi olim. Odamlar — ijtimoiy mavjudotlar, agar televizorda grechkani g‘amlab qo‘ying deyishsa, kamida 80 foiz odam, hatto grechkani xushlamasa ham, do‘konga yuguradi. Agar qaysidir mahsulot virusni yengadi deyishsa, ertaga do‘konda o‘sha narsani topolmaysiz. Hozir eng muhimi — vahimaga berilmaslik, chunki bu zanjir effektiga olib keladi. Vaziyatni oqilona baholang, tashvishga hojat yo‘q.
Manba: "xabar.uz"
| |
|