Koronavirus butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda. Aholi orasida u bilan bog‘liq turli to‘g‘ri va noto‘g‘ri fikrlar ham keng quloch yozishga ulgurdi. Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) qanday tavsiyalar-u ma’lumotlarni beradi? Noto‘g‘ri fikrlarning to‘g‘ri talqini bilan tanishing...
1-fakt: Covid-2019 – koronavirus nima?
Covid-2019 – koronavirus tufayli yuzaga kelgan infeksion kasallik hisoblanadi. 2019-yilning dekabrida Xitoyning Uxan shahrida epidemiya tarqalishidan oldin, ushbu yangi virus turi haqida hech narsa ma’lum emas edi.
2-fakt: Qanday belgilar kuzatiladi?
Kasallikning belgilari respirator xastaliklar alomati bilan juda o‘xshash:
• Tana haroratining ko‘tarilishi
• Holsizlik
• Quruq yo‘tal
Ba’zida:
• Bosh og‘riq
• Burun bitishi
• Tumov
• Faringit
• Diareya kuzatilishi mumkin.
Kasallik ba’zida belgilarsiz ham kechadi. Tana harorati ko‘tarilishi kuzatilgan bo‘lsa, albatta, tibbiyot xodimlariga murojaat etish kerak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, zararlanganlarning 80 foizi tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.
3-fakt: U qanday tarqaladi?
Covid-2019 ushbu virus bilan zararlangan insondan yuqishi mumkin. Virus insondan insonga burun va og‘izdan ajraluvchi mayda havo tomchilari orqali yuqadi.
Kasallangan bemor aksirganda, yo‘talganda havo tomchilarining predmet yuzasiga o’tishi ehtimoli yuqori. Zararlangan predmetga qo‘l bilan teginish va qo‘l orqali ko‘z, og‘iz-burunni ushlash tufayli virusni yuqtirib olish mumkin. Shuning uchun kasal bemordan kamida 1 metr uzoqlikda bo‘lishga harakat qiling.
Virusning havoda qancha vaqtgacha tirik saqlanishi hali aniqlanmagan.
4-fakt: Inson o‘zini qanday himoyalay oladi?
• Tarkibida spirt mavjud suyuqliklar bilan qo‘lga ishlov berish, ularni tez-tez sovunlab yuvish kerak.
• Aksirayotgan yoki yo‘talayotgan odamdan bir metr uzoq bo‘lishga harakat qiling.
• Og‘iz-burun, ko‘zlarga qo‘l bilan teginishdan tiyiling.
• Aksirgan yoki yo‘talgan vaqtda og‘iz-burunni sochiq yoki bilagingiz bilan berkitishni unutmang. Foydalanilib bo‘lingan sochiqni tashlab yuborishni unutmang.
• O‘zingizni yaxshi his qilmayotgan bo‘lsangiz, uyda qoling va albatta, tibbiyot xodimlariga bu haqda xabar qiling.
• Immunitetni mustahkamlab, sog‘lom turmush tarziga rioya qiling.
5-fakt: Koronavirus profilaktikasi yoki davosida antibiotiklar foyda beradimi?
Yo‘q! Antibiotiklar bu tur virusga ta’sir qila olmaydi.
6-fakt: Tibbiy niqob himoyalaydimi?
JSST Covid-2019 kasalligi belgilari bo‘lgan yoki shunday bemor bilan muloqotga kirishadigan insonlarga niqob taqishni tavsiya qiladi. Bir marta ishlatilgan niqobdan ikkinchi marta foydalanish mumkin emas.
Niqob og‘iz-burunni to‘liq yopishi shart. Barmoqni yuz terisiga tekkizmagan holatda niqobni yechish zarur.
7-fakt: Virusning yashirin davri qancha?
Kasallikning yashirin davri 1-14 kunni tashkil qiladi.
8-fakt: Oila a’zolaridan biri kasallangan bo‘lsa...
• Zudlik bilan shifokor chaqirish zarur.
• Bemor uchun alohida xona ajratiladi.
• Oila a’zolari bilan imkon qadar muloqotni cheklash kerak bo‘ladi (ayniqsa, bolalar, nuroniylar va surunkali kasalliklari bor insonlar).
• Xonani tez-tez shamollatib turing.
• Xona jihozlarini tez-tez dezinfeksiyalashni unutmang.
9-fakt: Koronavirus bilan faqat keksalar zararlanishi rostmi?
Bu virus bilan istalgan odam zararlanishi mumkin. Ammo muayyan surunkali kasallikdan aziyat chekuvchi qariyalarning (astma, qandli diabet, yurak xastaligi borlar) virusga chalinish xavfi yuqori.